26 may kuni Konstitutsiyani isloh qilish bo‘yicha maxsus komissiyaning birinchi yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi, deb xabar bermoqda «Gazeta.uz» muxbiri. Unda asosiy — Konstitutsiyaga kelib tushadigan takliflar bilan ishlash mexanizmi, komissiya huzurida Takliflar bilan ishlash hamda Yig‘ma axborot-tahlili guruhlarini tasdiqlash masalalari ko‘rib chiqildi.

Komissiya raisi Akmal Saidovning so‘zlariga ko‘ra, Konstitutsiyani isloh qilish bo‘yicha jahon tajribasida uch xil yo‘nalish mavjud:

  • Konstitutsiyani butkul yangidan qabul qilish;
  • Asosiy qonunni yangi tahrirda qabul qilish;
  • Konstitutsiyaga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish.

«Biz Konstitutsiyaga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish yo‘lidan borayapmiz. Bu xorij davlatlarida ham keng rivojlangan yo‘l hisoblanadi», — dedi u.

Qonunchilik palatasi deputati, Yuksalish UMH raisi Bobur Bekmurodov takliflarni yuborish, qabul qilib, tahlildan o‘tkazish jarayoni qanday amalga oshirilishini tushuntirib berdi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, asosiy maqsad har bir fuqaro, har bir tashkilot tomonidan bildirilayotgan takliflarning konstitutsion komissiya tomonidan ko‘rilib chiqilishini ta’minlashdan iborat.

Bobur Bekmurodov. Foto: Konstitutsiyaviy komissiya matbuot xizmati.

«Asosiy prinsip — bu taklif yuborish qulay va inklyuziv bo‘lishi kerak. Ya’ni, har bir fuqaro, jamiyatimizning har bir a’zosi takliflarni yuborish imkoniyatiga ega bo‘lishi kerak», — dedi u.

Taklif yuborishning bir necha muqobil imkoniyatlari yaratilmoqda:

  • meningkonstitutsiyam.uz veb-sahifasi;
  • mahalla fuqaro yig‘inlari;
  • Xalq deputatlari kengashlari;
  • 1341 call-markazi;
  • pochta orqali (Konstitutsiyaviy komissiyaga xat yuborish bepul bo‘ladi)
  • Telegram-bot (@meningkonstitutsiyam_bot) yordamida yuborish mumkin. Mazkur platformalar 2 kun ichida ishga tushirilishi aytildi.

Bobur Bekmuradovning so‘zlariga ko‘ra, «Mening konstitutsiyam» platformasi takliflarni orqali yuborish eng qulay, oson va ortiqcha ro‘yxatdan o‘tishni talab qilmaydigan usul hisoblanadi. «U real vaqt rejimida kelib tushayotgan takliflar statistikasi bilan tanishish, takliflarning mazmuni bilan tanishib borish imkoniyatini beradi», — dedi u.

Deputatning shuningdek pochta orqali komissiyaga xatlar bepul tarzda yuboriladi. «Bugungi kunda tegishli ko‘rsatmalar beriladi va tashkilotlar komissiyaga o‘z takliflarini to‘lovsiz, usha pochta bo‘limlari orqali yuborish imkoniyatlariga ega bo‘ladi. ️Va bundan tashqari xabaringiz bor maxsus elektron pochta ham e’lon qilindi. Elektron pochtaga allaqachon fuqarolar o‘zlarining takliflarini, konstitutsiyaga kiritiladigan o‘zgarishlar bo‘yicha o‘zining munosabatini, takliflarini berayaptilar», — dedi u.

Navbatdagi bosqich — «takliflarni ro‘yxatdan o‘tkazish va bu haqda fuqarolarni xabardor etish».

«Yuqoridagi vositalarning barchasida yuborilgan takliflar, hoh u shunchaki munosabat bo‘lsin, hoh bir tahririy o‘zgartirish bo‘yicha taklif bo‘lishi mumkin yoki konstruktiv g‘oya bo‘lsin bularning barchasini konstitutsion komissiyaning takliflar bilan ishlash bo‘limiga keladi. Shu bosqichda bir nechta muhim vazifalar amalga oshiriladi. Birinchidan, har bir kelib tushayotgan taklif ro‘yxatga olinadi. Ikkinchidan, konstitutsiyaning tegishli boblari bo‘yicha tasniflanadi. Ya’ni bu guruhning muhim vazifalaridan biri har bir kelayotgan taklif qaysi bobga ko‘proq g‘oyaviy mazmun jihatdan yaqin bo‘lsa mana shu tasniflashni amalga oshiradi», — dedi Bobur Bekmurodov.

Har bir fuqaroga uning taklifi qabul qilingani yoki yo‘qligi bo‘yicha xabar yuboriladi.

Keyingi muhim bosqich — «takliflarni tahlil qilish va konstitutsiyaviy komissiyaga ko‘rib chiqish uchun kiritish».

Foto: Konstitutsiyaviy komissiya matbuot xizmati.

«Buning uchun konstitutsiyaviy komissiyaning tahlil guruhi faoliyat olib boradi. Bu guruhning asosiy vazifalari kelib tushgan takliflarni umumlashtirish, umumiy mazmun bo‘yicha ma’lumotnomalar tayyorlash va takliflarni ko‘rib chiqish maqsadga muvofiqligi bo‘yicha xulosalarini tayyorlash va har xaftada kamida bir marta komissiyaga mana shu xulosalar, takliflar mazmunini kiritib boradi», — dedi deputat.

Shundan keyin konstitutsiyaviy komissiya o‘z majlislarida kelib tushgan takliflarni ko‘rib chiqib, saralaydi va maromiga yetkazib tegishli loyiha tayyorlaydi.

Konstitutsiyaviy komissiya nizomiga ko‘ra, faqatgina konstitutsiyaga o‘zgartirish kiritish bilan bog‘liq bo‘lmagan yoki belgilangan muddatlardan keyin taqdim etilgan takliflar ko‘rib chiqilmasligi mumkin deb belgilangan. Uning qo‘shimcha qilishicha, taklif kelib tushgach, uni ko‘rib chiqish muddati 20 kundan oshib ketmasligi kerak.

«Fuqarolar, fuqarolik jamiyati, OAV vositalariga takliflarni qabul qilish ko‘rib chiqish jarayonlari, umuman komissiya faoliyati bo‘yicha aholini xabardor qilib boradi. Shuning uchun barcha texnik va professional salohiyat, imkoniyatlar yaratilgan», — dedi Bobur Bekmurodov.

Uning fikricha, agar komissiya aynan mazkur mexanizm bo‘yicha ishlasa minglab, 10 minglab takliflar kelib tushganda ham «komissiya o‘z ishini samarali olib boradi».

Eslatib o‘tamiz, Konstitutsiyaviy islohotlar jarayoni haqida O‘zLiDeP va «Milliy tiklanish» partiyalari ma’lum qilgandi. Asosiy qonunni isloh qilish zarurati haqida esa birinchi bo‘lib prezident o‘zining inauguratsiya nutqida aytib. bu mamlakat aholisidan kelib tushgan taklif ekanligini ta’kidlagandi. Konstitutsiyaning 29 yilligiga bag‘ishlangan nutqida esa davlat rahbari Bosh qomusga kiritilishi lozim bo‘lgan 9 ta yo‘nalishni belgilab bergandi. U o‘zgartirishlarni Konstitutsiyaning 30 yilligi arafasida — 2022 yil 8 dekabrga qadar kiritishni taklif qilgandi.

20 may kuni parlament palatalari kengashlarining qo‘shma qarori bilan Konstitutsiyaga o‘zgartirish kiritish yuzasidan Konstitutsiyaviy komissiya tuzildi. Unga amaldagi Konstitutsiyani ishlab chiqishda qatnashgan, Qonunchilik palatasi Spikerining birinchi o‘rinbosari Akmal Saidov raislik qiladi. Komissiya «jamiyat — islohotlar tashabbuskori» g‘oyasi asosida ish olib boradi.