25 may kuni O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev maktab ta’limi sohasidagi islohotlarga bag‘ishlangan navbatdagi yig‘ilish o‘tkazdi, deb xabar berdi prezident matbuot xizmati.

11 may prezident farmoni bilan 2022−2026 yillarda xalq ta’limini rivojlantirish bo‘yicha milliy dastur tasdiqlandi. Yil oxirigacha 3, 6, 7 va 10-sinflar uchun, 2023−2024 yillarda esa 4, 5, 8, 9 va 11-sinflar uchun yangi darsliklar, o‘quv-metodik qo‘llanmalar va mashq daftarlari ishlab chiqilishi kerak. Maktablarga ona tili, adabiyot, tarix, ta’lim va huquqdan boshqa fanlar bo‘yicha o‘quv dasturlariga o‘zgartirishlar kiritish va darslik tanlashga ruxsat berildi.

Farmon bilan shuningdek, o‘qituvchilarni sertifikatning mavjudligi va mehnat natijalariga qarab rag‘batlantirish, to‘lash va ustama to‘lash tizimi joriy etilishi belgilangan. Yuqori natijalarga erishgan pedagoglarni rag‘batlantirish va malakali ishchilar faoliyatini qo‘llab-quvvatlash maqsadida Xalq ta’limi vazirligi huzurida yuridik shaxs maqomiga ega bo‘lmagan holda Xalq ta’limi vazirining jamg‘armasi tashkil etiladi. Joriy yilda jamg‘armaga davlat budjetidan 300 mlrd so‘m mablag‘ ajratiladi.

Milliy dastur ijrosi yuzasidan har bir tuman va shahar bo‘yicha «yo‘l xaritalari» ishlab chiqildi, deyiladi xabarda. Shavkat Mirziyoyev xorijiy ekspertlar va tadqiqotchilardan iborat ishchi guruhini shakllantirib, darsliklarni sifatli tayyorlash zarurligini ta’kidladi.

Xalq ta’limi vaziri Baxtiyor Saidov prezidentga maktablardagi vaziyatni o‘rganish tahlilini taqdim etdi. «O‘zbekiston 24» telekanali syujetida ko‘rsatilgan slaydlarda 4000 ta maktab haqida ma’lumotlar keltirilgan. 1526 ta maktabda salbiy ma’naviy holat, 852 ta maktabda ta’lim sifati pastligi, 1622 ta maktabda moddiy bazaning zaifligi aniqlangan, deyiladi slaydlarda.


Baxtiyor Saidov. «O‘zbekiston 24» syujeti kadri.

1400 nafar o‘qituvchi ishtirokida o‘tkazilgan so‘rovnomadan ma’lum bo‘lishicha, so‘ralganlarning 41 foizi o‘qituvchilarning obro‘sini past deb hisoblagan, 26 foizi boshqa maktabga o‘tish istagini bildirgan. Shu bilan birga, respondentlarning 80 foizi maktablarda o‘qituvchilarning ma’muriy yuklamalari kamayganini ijobiy ta’kidlagan.

Prezident maktab direktorlarini to‘g‘ri tanlash, ularning kasbiy va boshqaruv malakasini oshirish masalalariga to‘xtaldi. U maktablar faoliyatida nafaqat ta’lim, balki tarbiyaviy komponentni ham kuchaytirish muhimligini ta’kidladi.

«Ma’naviyat maktabdan boshlanadi. Maktablarda ta’lim sifatiga qanday e’tibor bersak, ma’naviyatga ham shunday e’tibor berishimiz kerak, — dedi Shavkat Mirziyoyev. Prezident o‘quvchilarning dunyoqarashi va iqtidorini oshiradigan, turli yoshdagi sinflar uchun mo‘ljallangan ma’naviyat kitoblari yaratish bo‘yicha tavsiya berdi.

Yig‘ilishda kelgusi o‘quv yilidan boshlab kimyo, biologiya, fizika va matematika fanlari o‘qituvchilarini kasbiy attestatsiyadan o‘tkazish tizimini joriy etish to‘g‘risida qaror qabul qilindi. Abdulla Avloniy nomidagi milliy tadqiqot instituti faoliyatini kengaytirib, uni hududlardagi pedagogika o‘quv yurtlari bilan uzviy bog‘lash zarurligi ta’kidlandi.


«O‘zbekiston 24» syujeti kadri.

O‘zbekiston Davlat statistika qo‘mitasining birinchi chorakdagi ma’lumotlari ta’lim va sog‘liqni saqlash sohalarida o‘rtacha ish haqining boshqa sohalardagi o‘sishlarga nisbatan sekin o‘sishini ko‘rsatmoqda, shu sababli mamlakat bo‘yicha o‘rtacha ish haqi darajasidagi tafovut kengayishda davom etmoqda. Agar 2017 yilning yanvar-mart oylarida ushbu soha xodimlarining o‘rtacha oylik ish haqi respublika bo‘yicha o‘rtacha ish haqidan 16,8 foizga kam bo‘lgan bo‘lsa (mos ravishda 1,07 million va 1,28 million so‘m), 2022 yilda ish haqi 2,5 baravarga oshdi, ammo farq qisqarmagan, balki 26,5% gacha oshgan.

Prezident Shavkat Mirziyoyev o‘tgan yilning noyabr oyida o‘z lavozimiga kirishish marosimida so‘zlagan nutqida oliy toifali o‘qituvchi va shifokorlarning maoshini besh yil ichida 1000 dollargacha oshirish rejalashtirilayotganini ma’lum qilgan edi. 2020 yilda xalq ta’limi tizimida 13 ming 407 nafar oliy toifali o‘qituvchilar faoliyat ko‘rsatgan. Bu umumiy o‘qituvchilar sonining 2,8 foizdan kamini tashkil etadi. 1000 dollar darajasiga erishish uchun ularning ish haqini deyarli 3,5 barobar oshirish kerak bo‘ladi.