Toshkent shahri 15−25 iyul kunlari og‘ir atletika bo‘yicha o‘smirlar va yoshlar o‘rtasida qit’a chempionatiga mezbonlik qiladi, deb xabar berdi O‘zA.

Ma’lum bo‘lishicha, seshanba kuni Osiyo og‘ir atletika federatsiyasi Toshkentda o‘tadigan chempionatda ishtirok etuvchi sportchilar to‘g‘risidagi talabnomalar muddati yakunlanganini e’lon qildi.

Taqdim etilgan talabnomalarga ko‘ra, 25 ta davlatdan 400 nafardan ziyod ishtirokchi to‘g‘risidagi ma’lumotlar jamlangan. Bunda yoshlar 250 nafarni, o‘smirlar 200 nafarga yaqinni tashkil etgan. O‘zbekiston ushbu chempionatda 40 nafardan ziyod sportchi bilan qatnashish bo‘yicha taqdimnoma kiritgan, deyiladi xabarda.

Qayd etilishicha, 24 may kuni Osiyo chempionatini o‘tkazish tashkiliy qo‘mitasi musobaqa logotipini ham e’lon qildi.

Eslatib o‘tamiz, Gretsiyada bo‘lib o‘tgan yoshlar o‘rtasida og‘ir atletika bo‘yicha jahon chempionatida o‘zbekistonlik Sharofiddin Amriddinov -102 kg vazn toifasida dast ko‘tarishda (168 kg) kumush, siltab ko‘tarish mashqida esa (204 kg) oltin medalni qo‘lga kiritdi. Har ikki mashq yakuni bo‘yicha 372 kg natija qayd etgan Amriddinov natijada chempionlikni tantana qildi. Shuningdek, yana bir o‘zbekistonlik atlet Tursunoy Jabborova -87 kg vazn toifasida dast ko‘tarish (109 kg) va siltab ko‘tarish (129 kg) mashqlarida oltin medalni qo‘lga kiritib, umumiy 238 kg natija bilan Jahon chempioni bo‘ldi va terma jamoa hisobiga uchta oltin medal olib keldi.