24 may kuni Jahon banki guruhi (JBG) Ijrochi direktorlar kengashi 2022−2026-yillarga mo‘ljallangan O‘zbekiston bilan Hamkorlik dasturini ko‘rib chiqdi va tasdiqladi. JBG kelgusi besh yil davomida 2022−2026-yillarga mo‘ljallangan Milliy taraqqiyot strategiyasida belgilangan strategik islohotlarni amalga oshirishda hukumatga ko‘mak berish doirasida ushbu hujjatga tayanadi. Bu haqda Jahon bankining O‘zbekistondagi vakolatxonasi matbuot xizmati «Gazeta.uz»ga ma’lum qildi.

Yangi hamkorlik dasturi Jahon banki guruhining (Jahon banki, Xalqaro moliya korporatsiyasi (XMK) va Investitsiyalarni kafolatlash bo‘yicha ko‘p tomonlama agentlik (MIGA)ni o‘z ichiga oladi — tahr.) mamlakat hukumati bilan hamkorlikdagi 30 yillik tajribasiga asoslanadi. 2017 yildan buyon guruhning xalqaro institutlari moliyalashtirish, tahliliy xizmatlar va texnik yordam ko‘rsatishda hukumat bilan yaqin hamkorlik qilib kelmoqda.

JBG muhim rol o‘ynagan islohotlardan biri bu — paxta yetishtirish sektorida majburiy mehnatdan foydalanishga barham berilganligi bo‘ldi. Yana bir misol — JBG ishtirokida Navoiy viloyatida sanoat miqyosidagi birinchi quyosh elektrostansiyasi ishga tushirilishidir.

Yangi Hamkorlik dasturi O‘zbekistonning inklyuziv va barqaror bozor iqtisodiyotiga o‘tishini tezlashtiradigan uchta strategik maqsadlarga o‘z e’tiborini qaratadi:

  1. xususiy sektorda inklyuziv bandlikni oshirish;
  2. inson kapitalini rivojlantirish;
  3. «yashil» iqtisodiy o‘sish hisobiga farovonlikni oshirish va barqaror rivojlanish.

Shuningdek, Hamkorlik dasturi O‘zbekistonga 2030 yilgacha qator ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanish maqsadlariga erishishga yordam beradigan sektorlararo vazifalarni amalga oshirishda ham ko‘maklashadi. Ularga quyidagilar kiradi:

  • gender tengsizlikka barham berish;
  • siyosiy qarorlarni qabul qilishda fuqarolar ishtirokini kuchaytirish va davlat organlarining jamoatchilik oldidagi hisobdorligini mustahkamlash.

«O‘zbekiston hukumati yangi Hamkorlik dasturi qabul qilinganligini olqishlaydi va biz ushbu dasturni Jahon banki, XMK va MIGA tashkilotlaridagi hamkorlarimiz bilan amalga oshirishni rejalashtirganmiz», — deya ta’kidladi bosh vazir o‘rinbosari, O‘zbekiston iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vaziri Jamshid Qo‘chqorov.

«Dastur 2022−2026-yillarga mo‘ljallangan Milliy taraqqiyot strategiyasining muvaffaqiyatli amalga oshirilishiga o‘z hissasini qo‘shadi, shuningdek mamlakatga 2026 yilgacha kambag‘allik darajasini ikki barobarga qisqartirishga hamda 2030 yilga qadar O‘zbekistonning daromad darajasi o‘rtachadan yuqori bo‘lgan mamlakatlar qatoriga kirishiga yordam beradi», — deydi u.

Hamkorlik dasturi O‘zbekiston rivojlanishi yo‘lidagi mavjud muammolar va imkoniyatlarning har tomonlama tahlili asosida ishlab chiqilgan. Tahlil mamlakat ijtimoiy-iqtisodiy holatining kompleks diagnostikasi doirasida o‘tkazilgan. Shuningdek, unda hukumat va mahalliy hokimiyat, fuqarolik jamiyati, xususiy sektor, ilmiy doiralar va rivojlanish bo‘yicha xalqaro hamkorlar vakillari bilan o‘tkazilgan faol konsultatsiyalar natijalari ham inobatga olingan.

«O‘zbekiston bilan so‘nggi besh yillik muvaffaqiyatli hamkorligimizga tayanib va boshqa o‘tish davri iqtisodiyotlaridagi transformatsiya jarayonini qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha tajribamizni inobatga olgan holda, Hamkorlik dasturi mamlakat hukumatiga bozor islohotlarining yangi avlodini amalga oshirishda yordam beradi», — deya ta’kidladi Tatyana Proskuryakova, Jahon bankining Markaziy Osiyo bo‘yicha mintaqaviy direktori.

Bugungi kunda Jahon bankining O‘zbekistondagi portfeliga iqtisodiy islohotlarni qo‘llab-quvvatlovchi 28 ta loyiha kiradi. Ushbu loyihalar 5,26 mlrd AQSh dollari hajmidagi moliyaviy majburiyatlarni o‘z ichiga oladi. Bunga Xalqaro rivojlanish assotsiatsiyasining 3,23 mlrd AQSh dollarilik imtiyozli kreditlari (nol yoki juda past foiz stavkasida 5 yillik imtiyozli davr bilan 30 yilga beriladi) va Xalqaro tiklanish va taraqqiyot bankining 2,03 mlrd AQSh dollarilik kreditlari kiradi. Ushbu mablag‘lardan 2,66 mlrd dollari endi taqsimlanadi. Ushbu moliyaviy resurslar yangi Hamkorlik dasturi doirasida loyihalarni amalga oshirishga yo‘naltiriladi.

«O‘zbekiston xususiy sektor o‘sishni rag‘batlantirayotgan tarixiy islohotlar evaziga misli ko‘rilmagan iqtisodiy transformatsiyani boshidan o‘tkazmoqda, — deydi Vibke Shlyomer, Turkiya va Markaziy Osiyo bo‘yicha XMK direktori. — XMK muhim sohalarga investitsiya qilish va investorlarning qo‘shimcha mablag‘larini safarbar qilish, moliyaviy infratuzilmani mustahkamlashda yordam ko‘rsatish, turli xil xizmatlarni ko‘rsatish sifatini oshirish uchun yanada ko‘proq innovatsion DXSH loyihalarini ishga tushirish va barqaror iqtisodiy o‘sishga ko‘maklashish orqali mamlakatni ushbu yo‘lda qo‘llab-quvvatlashda davom etadi».

Hozirgi kunda XMKning O‘zbekistondagi portfeli xususiy sektor rivojlanishini qo‘llab-quvvatlaydigan 230 million dollarlik 18 ta loyihadan iborat. Ushbu moliyalashtirish bilan bir qatorda, XMK hukumatni davlat banklarini xususiylashtirishga tayyorlashda, paxta sektorini transformatsiya qilishda, kimyo sanoatini rivojlantirishda hamda sog‘liqni saqlash va energetika sohalarida DXSH loyihalarini joriy qilishda qo‘llab-quvvatlash uchun rasmiylarga konsultatsion xizmatlar ham ko‘rsatadi.

MIGA 2021 yilda O‘zbekistonning Sirdaryo viloyatida 1500 MVt quvvatga ega yangi issiqlik elektrostansiyasini qurish va ekspluatatsiya qilish bo‘yicha investorlarni xatarlardan himoya qiluvchi kafolatlarni taqdim etgan edi.