25 may kuni HY-273 Toshkent — Istanbul aviaqatnovini amalga oshiruvchi samolyot texnik sabablarga ko‘ra Toshkent vaqti bilan soat 21:10 da Trabzon aeroportiga majburiy qo‘nishni amalga oshirgan, deya xabar qildi Uzbekistan Airways aviakompaniyasi matbuot xizmati.

«Hozirda havo kemasi bortidagi 240 yo‘lovchi xayotiga hech qanday xavf tug‘dirmayapti. Yaqin vaqt ichida barcha yo‘lovchilar Trabzon shahrida joylashgan mehmonxonaga joylashtirilib, tez fursatlarda belgilangan manzilga — Istanbul shahriga yetkaziladilar», — deyiladi xabarda.

O‘z navbatida, ushbu sabab tufayli HY274/25MAY22 Istanbul — Toshkent yo‘nalishi bo‘yicha aviaqatnovi vaqti kechiktiriladi (Istanbul mahalliy vaqti bilan jadvalga muvofiq 21:45 rejalashtirilgan parvoz).

Ayni vaqtda Istanbuldan Toshkentga yo‘lovchilarni olib ketish uchun rezerv havo kemasini yuborish masalasi ishlab chiqilmoqda.

Aviakompaniya keltirilgan noqulayliklar uchun yo‘lovchilar va ularni kutib oluvchilardan uzr so‘rab, yuzaga kelgan vaziyatni to‘g‘ri tushunishlarini iltimos qildi.