O‘zbekiston Oliy Majlisi Senatining yigirma oltinchi yalpi majlisi 28 may kuni soat 10:00 da o‘z ishini boshlaydi. Bu haqda yuqori palata matbuot xizmati xabar berdi.

«Videokonferensaloqa tarzida o‘tkazilishi rejalashtirilgan yalpi majlis Senatning ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalari orqali to‘g‘ridan-to‘g‘ri yoritib boriladi», deyiladi xabarda.

Eslatib o‘tamiz, 28 aprel kuni UzReport TV telekanali orqali Senat majlisining to‘g‘ridan-to‘g‘ri translyatsiyasi majlis boshlanganidan deyarli 8 daqiqa o‘tib yakuniga yetgan. To‘g‘ridan-to‘g‘ri efir televideniyeda ham, telekanalning YouTube-sahifasida ham to‘xtatilgandi.

Efir bor-yo‘g‘i 18 daqiqa davom etgan, 10 daqiqaga yaqin vaqt ichida jurnalist Maqsuda Abduqayumova kun tartibida «Pochta aloqasi to‘g‘risida», «Ichimlik suvi va oqova suvlarni chiqarish to‘g‘risida», «Xavfsizlik faoliyati to‘g‘risida», «Qo‘riqlash faoliyati to‘g‘risida»gi qonunlarni ko‘rib chiqish, ko‘p qavatli uylarni boshqarish, tibbiy-ijtimoiy xizmat ko‘rsatish tizimlari, qurol-yarog‘ to‘g‘risidagi qonunchilik va boshqalar takomillashtirilishi munosabati bilan qonun hujjatlariga kiritiladigan o‘zgartish va qo‘shimchalar ko‘rib chiqilishi to‘g‘risida gapirgan edi.

11-daqiqada madhiya yangragan, so‘ngra Senat raisi Tanzila Narbayeva prezident Shavkat Mirziyoyevning Qashqadaryo viloyatiga tashrifi, 2022−2026 yillarda Qoraqalpog‘istonni rivojlantirishning besh yillik dasturi haqida so‘zlagan, Samarqand va Jizzax viloyatlarida sodir bo‘lgan suv toshqinlari haqida gapirgan va efir to‘xtatilgan edi.

O‘z navbatida, Uzreport TV soat 12:31 dan 12:39 gacha Senatdan jonli efirga chiqib, sessiyaning o‘zi emas, senatorlardan biri bilan suhbat namoyish etgan.


Prezidentning 16 iyundagi «Davlat organlari va tashkilotlarining faoliyati ochiqligini ta’minlash, shuningdek, jamoatchilik nazoratini samarali amalga oshirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi farmoni bilan O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasi 1 dekabrdan Oliy Majlis Qonunchilik palatasi va Senati majlislari, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi, xalq deputatlari viloyat, tuman, shahar Kengashi sessiyalari (yopiq majlislar bundan mustasno) telekanallar, shuningdek, Internet tarmog‘i orqali jonli efirga uzatilishini ta’minlashi kerak edi.

E’tiborlisi, mazkur farmonga qadar ham Senat majlislari to‘g‘ridan-to‘g‘ri Uzreport TV orqali va parlament yuqori palatasining YouTube-sahifasida translyatsiya qilinardi. 28 aprel kuni esa 2019 yil oktabr oyidan beri birinchi marta yig‘ilish jonli efirda berilmadi.

Ma’lumot uchun, Senatning 17−18 mart kunlari bo‘lib o‘tgan avvalgi majlisida o‘sha paytdagi tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Kamilov O‘zbekistonning Ukrainadagi urush bo‘yicha pozitsiyasini ma’lum qilgan va buni Uzreport TV to‘liq efirga uzatgan edi.

«O‘zbekiston 24» telekanalida esa bor-yo‘g‘i ikki marta uchrashuv haqidagi kichik sharh bilan efirga uzatilgan. Lavhalar mos ravishda 1 daqiqa 44 soniya va 2 daqiqa 32 soniya davom etgan edi.