Ukrainada urush boshlanganidan so‘ng ko‘pgina Rossiya fuqarolari O‘zbekistonga, jumladan Toshkent shahriga ko‘chib kela boshlashdi. Ularning ko‘pchiligi IT-mutaxassislar bo‘lsa-da, relokantlar orasida boshqa soha vakillari ham bor. TJ saytida shunday relokantlardan biri o‘zining Toshkentga ko‘chib kelishi, O‘zbekistondagi turmush-tarzi va bu yerdagi muhit haqida o‘z fikrlari bilan ulashgan. «Gazeta.uz» ushbu maqolaning qiziqarli joylarini tarjima qilib, havola etadi.

Toshkentga ko‘chib o‘tish

«24 fevral kuni bu voqealar boshlangach, ketish kerakligini anglash uchun menga uch kun yetarli bo‘ldi», — deb yozadi u. Muallif boshida Gruziyaga ko‘chib o‘tishni rejalashtirgan va chipta sotib olgan, ammo janubdagi aviareyslar bekor qilingach, chiptani topshirishga majbur bo‘lgan. «Mart boshida vahima avj oldi, Istanbulgacha bo‘lgan aviareyslar chiptalarining narxi ko‘tarilib ketdi. Natijada qayerga bo‘lsa ham ketish maqsadida Toshkentgacha aviachipta sotib oldik (tahr. — muallif o‘z jufti bilan birga yo‘lga chiqqan)», — deydi u. Muallif Toshkentda biroz vaqt bo‘lib, keyinchalik Tbilisiga ketishni reja qilgan. Bundan oldin ular O‘zbekistonda bo‘lishmagan.

«Oldindan bir hafta uchun eng arzon yotoqxonani band qilib qo‘ydik (10 ming rubl atrofida). Uchishdan bir kun oldin vaksina olganimiz to‘g‘risida sertifikatimiz bo‘lishiga qaramay, PZR test topshirish zarur ekanligi haqida bilib qoldik. Darhol test topshirdik», — deb yozadi u.

Nega O‘zbekiston tanlandi? Plyuslar va minuslar

Muallif O‘zbekistonga kelishga qaror qilgani uchun asosiy sabablar sifatida quyidagilarni sanab o‘tdi.

Rossiyaliklar uchun eng qulay vizasiz rejim. «Bu tomondan O‘zbekiston Gruziyadan ham qulayroq. Gruziyada bir yilda bir marta vizaran (tahr. — visa run so‘zidan kelib chiqqan) qildirishga to‘g‘ri keladi, O‘zbekistonda bunga hojat yo‘q. Mamlakatda istiqomat qilish muddati chegaralanmagan. Yagona shart — ushbu muddat davomida sizda vaqtinchalik ro‘yxatdan o‘tganlik haqida hujjat bo‘lishi kerak», — deydi u.

Bu yerda ruslarga juda yaxshi munosabatda bo‘lishadi. «O‘zbekistonda sizga yordam berishga harakat qilishadi, mehmon qilishadi. Til bo‘yicha muammolar bo‘lmaydi, aholining katta qismi rus tilida so‘zlasha oladi».

Bu yerda anchadan buyon kovid yo‘q, niqob taqish talab qilinmaydi. Kuniga o‘ndan kam odamda kasallik aniqlanadi.

Muallif shuningdek, boshqa jihatlarni ham sanab o‘tgan. Misol uchun, uning fikricha, O‘zbekiston rasman dunyoviy mamlakat bo‘lsa-da, musulmon davlatiga xos xususiyatlarga ega. Bundan tashqari, minus sifatida mamlakatning Afg‘oniston bilan chegaradosh ekanligi, «sovet tuzumi tarafdorlarining ko‘p ekanligi» aytib o‘tilgan. «Ko‘pchilik o‘zbeklar axborotni TVdan oladi. Yoshlar esa Ukrainani qo‘llab-quvvatlashadi», — deydi u.

O‘zbekiston haqida fikrlar

«O‘zbekistonga kelmagunimcha mening tasavvurlarim, ehtimol, yurtimizdagi ko‘pchilik insonlarniki bilan bir xil bo‘lgan. Va men fikrlarimning xato ekanligini ko‘rib quvondim. 2016 yildan keyin mamlakat demokratiya tomonga qarab harakatlanishni boshlagan. Ijtimoiy reformalar bo‘lmoqda, hayot sifati yaxshilanmoqda va har xil sohalarda imtiyozlar yaratilmoqda. Toshkentda esa o‘zingizga kerakli hamma narsani topa olasiz», — deydi relokant.

Shuningdek, aytilishicha, «Qozog‘istondan farqli o‘laroq O‘zbekistonning bundan 10 yil muqaddam Kollektiv Xavfsizlik Shartnomasi Tashkiloti (ODKB) dan chiqib ketgani» muallif uchun bu yerni tanlashga sabablardan biri bo‘lgan. «Mamlakat Ukrainadagi hodisalarga nisbatan neytrallikni saqlashga harakat qilmoqda (chunki iqtisodiy jihatdan Rossiya importiga bog‘lanib qolgan), ammo Rossiyaning agressiyasini qo‘llab-quvvatlamasligini bir necha bor bildirgan», — deydi u.

Muallif Gruziyani hozirda «porox to‘ldirilgan bochkaga» qiyoslagan. «Gruziya Rossiyani Abxaziya va Janubiy Osetiya uchun kechira olmaydi. Ayniqsa hozirgi — ushbu hududlarni qo‘shib olish uchun referendum o‘tkazilayotgan bir davrda. O‘zbekiston esa Rossiya bilan hattoki chegaradosh ham emas», — deya fikrini ifodalagan. Shuningdek, u Toshkentdan istalgan joyga, hattoki Nyu-Yorkga uchib ketish imkoniyati mavjudligini ta’kidlaydi.

Toshkentdagi hayot

Pul masalasi. Maqolada Visa va Mastercard kartalari bloklab qo‘yilgani uchun avvalo pul yechishda muammolar bo‘lgani, «Mir» kartalari ishlashi aytilsa-da, undan hamma yerda ham foydalanib bo‘lmasligi aytilgan. Yechim: mahalliy banklar orqali plastik karta ochtirish yoki naqd pul ko‘rinishida pul o‘tkazmalarini (o‘z-o‘ziga) amalga oshirish. Muallifning ta’kidlashicha, «o‘zbek so‘mi dollarga juda bog‘lanib qolgan». «Bu yerda dollar xuddi ikkinchi valyutadek — mashinalar, uylarning qiymati dollarda o‘lchaladi, ko‘plab e’lonlarda summalar dollarda ko‘rsatilgan».

Turar-joylar. «Eng muhimi — vaqtinchalik ro‘yxatdan o‘tish. Busiz bu yerda yashash mumkin emas», — deydi muallif. Boshida relokantlar teleminoraga yaqin joydagi yotoqxonada $78 evaziga 6 kecha tunashgan va bu vaqt oralig‘ida bundan ham arzonroq joy qidirishgan. Yotoqxona to‘lib ketgach va muddatni uzaytirish uchun ruxsat berilmagach, $24 evaziga 2 kecha boshqa joyda bo‘lib turishgan. «Pullar juda tez tugayotgan edi. O‘sha vaqtda 1300 so‘mlik lapsha va 1600 so‘mlik non bilan oziqlanardik», — deydi u. Oxiri rieltor ularga oyiga 1 mln 300 ming so‘m evaziga bir xona topib bergan. «Biz qandaydir rus alkashlarining uyida yashadik. Bundan yomoni bo‘lmasdi. Ikki haftadan so‘ng biz boshqa joyga ko‘chib o‘tdik». Muallif masofadan turib Rossiyadagi ishini davom ettirgan va oylik tushgach, yaxshiroq kvartiraga ko‘chib o‘tgan.

«Hozir biz $250 evaziga ikki xonali uyda ijarada turamiz. Gruziyadagi turar-joylar uchun yuqori narxlar bilan solishtiradigan bo‘lsak, bu yerda $200 evaziga bir xonali uyni ijaraga olish mumkin. Bu pullar evaziga siz kamtarona mebel, eskirgan devorlar, nosoz santexnika va suvaraklarga ega bo‘lasiz. $250 lik variantda esa suvaraklar bo‘lmaydi. Masalan Chirchiq (shahardan 40 km uzoqlikda) tomonlardan kvartira qidiradigan bo‘lsangiz, bu narxga yaxshigina uyni ijaraga olish mumkin. $300 lik uyda esa sizda konditsioner bo‘ladi, $400 ga esa yevroremontli kvartirada yashaysiz», — deydi muallif.

Uning yozishicha, Toshkentda kommunal to‘lovlar juda arzon (ayniqsa hozir, isitish tizimi o‘chirilgan paytda). «Bu oy masalan 182 000 ming so‘m to‘ladik».

Aloqa va internet. «Tariflar asosan juda ko‘p minutlarni o‘z ichiga oladi (oyiga 45 000 minut — hatto bir oyning o‘zida bunchalik daqiqa yo‘q, bunga nima deysan, Ilon Mask?), internet esa limitlangan, 20−40 GB atrofida. Buning narxi 70−80 ming so‘mni tashkil qiladi. 150 ming so‘mga esa limitlanmagan tarifga ulanish mumkin. Men qayerga borgan bo‘lsam hamma yerda 4G bor edi», — deydi u.

Ovqatlar. Muallif O‘zbekistonda kichik biznes gullab yashnayotganini, kichik do‘konlar — oziq-ovqat va xo‘jalik do‘konlari ko‘p ekanligini ta’kidlagan.

«Boshida men mahsulotlarning qimmatligini ko‘rib qo‘rqib ketgandim. Odatda narxlarni xayolimda rublga qiyoslagan holda, ya’ni 1 rublni 100 so‘mga tenglagan holda hisoblardim. Hozir rubl kursi 170 so‘mga chiqqach, hamma narsa arzon bo‘lib qoldi», — deydi u.

Shuningdek, u bu yerda import mahsulotlarining qimmat ekanligini, chunki O‘zbekistonda import uchun soliq juda yuqori ekanligini ta’kidlab o‘tdi. «Shuning uchun, iloji boricha mahalliy mahsulotlarni sotib olayapmiz. Ammo sabzavotlar (ayniqsa ko‘katlar) bu yerda juda arzon, sifati ham Rossiyadagidan ancha yuqori», — deydi u.

«Korzinka, Carrefour, Makro kabi supermarketlarda narxlar yuqori, ammo odam kamroq va xizmat ko‘rsatish darajasi yaxshi. Menga Havas deb nomlanadigan diskaunter ham yoqdi. Ammo bozorlar turganda do‘konlar nima uchun kerakligini tushunmayman», — deydi muallif.

«Bozor — siz istagan narsaningizni topishingiz mumkin bo‘lgan, sharqona muhit ufurib turadigan, narxlar past bo‘ladigan va savdolashish imkoniyati mavjud bo‘lgan juda ajoyib joy. Mening sevimli bozorim — bu afsonaviy Chorsu, men u yerga har hafta boraman. Agar yaqinroqda yashaganimda, u yerga har kuni borgan bo‘lardim», — deb yozgan u.

Foto: Chorsu bozori / TJ

Muallif O‘zbekistonda mahsulotlarni (tuxum, sigaret, dorilar, bolalar tagligi) donalab sotib olish mumkinligiga e’tibor qaratib, buning iqtisodiy jihatdan juda qulay ekanligini ta’kidlagan.

Transport. Toshkentda transport juda arzon ekanligi aytiladi.

Ish topish va maoshlar. Muallifning fikricha, IT-sohasida faoliyat yuritadiganlarga O‘zbekistonda omad kulib boqadi.

«O‘zbekistonda rossiyalik tajribali mutaxassislarga, ayniqsa IT-sohasidagi mutaxassislarga bo‘lgan talab juda yuqori. Bu yerda sizni o‘zlari topib olishadi va katta miqdorda maosh taklif qilishadi», — deydi u.

Muallif maqola so‘ngida O‘zbekistonga kelgach vaqtinchalik «propiska» masalasida muammo bo‘lganda, ularga notanish insonlarning yordam bergani, unga hatto yaqinlari ham oldin bunchalik yordam bermaganini aytib o‘tgan.