22 may kuni O‘zbekistonning gullar poytaxti bo‘lgan Namangan shahrida 61-Xalqaro gullar festivali boshlandi. Bu kabi birinchi ko‘rgazma viloyatda 1961 yil avgust oyida bo‘lib o‘tgandi. 60 yil davomida bayram shahar uchun yil an’anasiga aylangan. Festivalning ochilishida «Gazeta.uz» fotomuxbiri Madina A’zam ishtirok etdi.

Bu yil gul ekspozitsiyalari Bobur nomidagi madaniyat va istirohat bog‘ida namoyish etilmoqda. Bayram doirasida bu yerga 2 mln tup gul ekiladi.


Bu manzil tasodifan tanlanmagan. XIX asrda bog‘ o‘rnida Gulzor mahallasi joylashgan edi. Aholii gul yetishtirish, shuningdek, gulli ichimliklar, nektar, dori-darmonlar, shirinliklar, ziravorlar va asal ishlab chiqarish bilan shug‘ullangan. Gul mahallasining shuhrati Qo‘qon xonligi boshlig‘i Xudoyorxonga ham yetib boradi va u bu yerda madrasa qurishni buyuradi.


Festival 2018 yilda xalqaro maqom oldi. Unda O‘zbekiston va qo‘shni davlatlardan gul yetishtiruvchilar ishtirok etmoqda. Bayram mahalliy aholi va sayyohlar orasida katta qiziqish uyg‘otmoqda.

Ishtirok etish istagida bo‘lganlar har yili ko‘payib bormoqda, shu bois rasmiylar festival ko‘lamini kengaytirdi: yaqin atrofdagi bog‘lar, xiyobonlar va maydonlarda bayram tadbirlari o‘tkazilmoqda, deya xabar beradi Turizm va madaniy meros vazirligi.

Ochilish kunida noqulay ob-havoga qaramay, shaharning markaziy ko‘chalaridan avtomobillar, qishloq xo‘jaligi, qurilish va boshqa maxsus texnikalar paradi o‘tdi. Barcha transport vositalari gullar bilan bezatildi.


Tanlovli gullar ko‘rgazmasida gulchilar, gul ishlab chiqaruvchilar va landshaft dizayni bo‘yicha mutaxassislar ishtirok etadi. Ular 100 dan ortiq gul kompozisiyalarini yaratadi. Dizaynning o‘ziga xosligi, gul naqshlari, guldastalar va gul kompozisiyalarining mahorati hakamlar hay’ati tomonidan baholanadi. G‘oliblar «Afsonalar vodiysi» bog‘ida festival yopilishida e’lon qilinadi.


Bayram dasturida gullar bilan bog‘liq tadbirlardan tashqari hunarmandchilik namunalari, kitoblar, fotosuratlar, rasmlar, milliy liboslar ko‘rgazmasi ham o‘rin olgan.

Namangan viloyati hokimi Shavkat Abdurazoqov (chapda) va Ekologiya davlat qo‘mitasi raisi Narzullo Oblomurodov (o‘rtada).