Forish tumani «Egizbuloq» mahallasida 20 aprel kuni sodir bo‘lgan sel natijasida talofat ko‘rgan oilalar uchun yangi uy-joylar qurilishi boshlandi, deya xabar berdi Jizzax viloyati hokimligi.

«Oilalar uchun yer maydonlari ajratilib, 20 ta zamonaviy uy-joylar bunyod etiladi. Shuningdek, seldan qisman talofat ko‘rgan 96 ta uy-joylarda hukumat qaroriga asosan rekonstruksiya qilish ishlari amalga oshiriladi», — deyiladi hokimiyat ma’lumotida.

Eslatib o‘tamiz, 20 aprel kuni soat 15:00 atrofida Forish tumanidagi Egizbuloq mahallasida Nurota tog‘ tizmasi tomonidan sel keldi. Favqulodda vaziyatlar vazirligi bunga kuchli yomg‘ir sabab bo‘lganini ma’lum qildi. Sel va suv toshqini oqibatida bu yerda 5 kishi, shu jumladan ikki nafar yosh bola halok bo‘lganligi aytildi. Bundan tashqari, 53 ta xonadon to‘liq talofat ko‘rdi.


25 ta uyda yashovchi 100 dan ortiq fuqaro vaqtincha boshqa joyga ko‘chirilgandi. Hududda joylashgan qabristondagi 70 dan ortiq qabrlar yuvilib ketgandi.

Ma’lumot uchun, joriy yilning mart-may oylarida kuchli yog‘ingarchilik oqibatida Buxoro, Jizzax, Namangan, Samarqand, Surxondaryo, Sirdaryo va Toshkent viloyatlarida 15 ga yaqin yirik sel va ko‘chkilar sodir bo‘ldi.

Tabiiy ofatlar oqibatida 9 nafar inson halok bo‘ldi. 245 ta xonadon, 19 ta ko‘prik zarar ko‘rdi, 450 dan ortiq bosh chorva mollari nobud bo‘ldi.

Prezident raisligida may oyida o‘tkazilgan yig‘ilishda berilgan ma’lumotga ko‘ra, bunga sel va ko‘chki xavfi yuqori hududlarda yillar davomida betartib pala-partish sug‘orilgani ham sabab bo‘lmoqda. Shu bois, ushbu yig‘ilishda tog‘ daryolari va soylari, sel yo‘llari joylashgan hududlarda tunu-kun ishlaydigan shtablar tashkil etish va qutqaruv otryadlarini ko‘paytirish topshirildi.