Samarqandda fuqaro A.V.Pavlenko viloyatdagi Shoxi-Zinda ko‘chasida joylashgan Afrosiyob arxeologik obyekti yaqinida yer qazish ishlari olib borilgani haqida prezident veb-saytiga murojaat qilgan. Bu bo‘yicha Madaniy meros agentligi 16 may sanasida viloyat madaniy meros boshqarmasi va arxeologiya instituti xodimlari o‘rganish olib borganini ma’lum qildi.

Foto: Madaniy meros agentligi

Ma’lum bo‘lishicha, YUNESKO tomonidan Umumjahon merosi ro‘yxatiga kiritilgan Afrosiyob arxeologik obyekti yaqinida obodonlashtirish bilan bog‘liq inshoot qurish uchun 9x9x2,5 metr o‘lchamdagi 180 metr kub yer kavlangan. Kavlangan chuqur o‘rganilganda o‘rta asrlarga oid sopol buyum qoldiqlari, g‘isht bo‘laklari va chuqurning yuqori qismida qabriston qoldiqlari aniqlangan.

«Mazkur voqeani inobatga olib, qazish va qurilish ishlarini olib borgan tashkilot bo‘yicha aniqlik kiritgan holda, ushbu tashkilotga nisbatan choralar ko‘riladi», — deyiladi xabarda.