Abdusattarov Tulkin Sayfullayevich prezident qaroriga muvofiq adliya vaziri o‘rinbosari etib tayinlandi, deya xabar qildi Adliya vazirining matbuot kotibi Sevara O‘rinboyeva.

Tulkin Abdusattarov (1978 y. t.) Samarqand davlat universiteti (1999 y.), Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti (2003 y.), O‘zbekiston milliy universitetini (2007 y.) tamomlagan, mutaxassisligi huquqshunos.

U o‘z mehnat faoliyatini 2003 yilda O‘zbekiston Fanlar akademiyasi falsafa va huquq instituti kichik ilmiy xodimi lavozimidan boshlagan.

2019 yil sentabr oyidan Adliya vazirligi huzuridagi Intellektual mulk agentligi direktori lavozimida faoliyat yuritib kelgan. Unga qadar Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Korrupsiyaga qarshi kurashish va sud-huquq masalalari qo‘mitasining raisi lavozimida faoliyat yuritgan.

Adliya vazirligi matbuot xizmati «Gazeta.uz»ga aniqlik kiritishicha, Tulkin Abdusattarov vazir o‘rinbosari sifatida Intellektual mulk agentligi faoliyatini nazorat qiladi.