Qozog‘iston Tashqi ishlar vazirligi rasmiy vakili Aybek Smadiyarov Samarqand shahrida qozog‘istonlik turistlar bilan sodir bo‘lgan mojaroga munosabat bildirdi, deb xabar qildi «Kazinform».

«Qozog‘iston tashqi ishlar vazirligi vaziyatga oydinlik kiritish uchun xat bilan murojaat qildi. Biz o‘z fuqarolarimiz huquqlarini himoya qilamiz», — dedi Aybek Smadiyarov. Uning so‘zlariga ko‘ra, vazirlik Samarqand ichki ishlar idoralari xodimlari Qozog‘iston fuqarosiga nisbatan elektroshoker ishlatgan voqea videosini o‘rganib chiqqan.

«O‘zbekistonda jamiyatning o‘zi huquq-tartibot idoralari xodimlarining harakatlarini qoralamoqda. Shunga qaramasdan biz vaziyatni nazorat qilib turibmiz», — dedi TIV vakili.

«U yerda ichki tergov olib borilmoqda, xodimlar [ishdan] chetlashtirilgan. Biz bunga aralashmaslikka harakat qilayapmiz va faqat fuqarolarimiz himoyasiga tegishli qismini kuzatib borayapmiz», — deya qo‘shimcha qildi u.

Eslatib o‘tamiz, 21 mayga o‘tar kechasi Samarqand IIB xodimlari bir nafar qozog‘istonlik va ikki nafar mahalliy turistga nisbatan elektroshoker qo‘llagan holda majburan bo‘limga olib borishgani haqida yozgandik. Videolarda xodimlar shaharda «Xavfsiz tun» tadbiri olib borilayotgani va soat 23:00 dan keyin ko‘chada yurish mumkin emasligi hamda ularga «reja» qo‘yilganini ta’kidlashgan. IIV «xodimlar xizmat vazifasi va maxsus-texnik vositalarni qo‘llash vakolatini suiiste’mol qilganini» ma’lum qildi.