O‘zbekiston prezidenti huzuridagi Xavfsizlik kengashi kotibining o‘rinbosari Abdulaziz Kamilov Saudiya Arabistoni tashqi ishlar vaziri, shahzoda Feysal bin Farxan bin Abdulla bilan telefon orqali muloqot qildi. Bu haqda Saudiya axborot agentligi xabar berdi.

22 may kuni bo‘lib o‘tgan suhbatda Saudiya tomoni Abdulaziz Kamilovni O‘zbekiston prezidentining maxsus vakili deb qayd etgan.

«Muloqot chog‘ida ikki qardosh mamlakatning intilishlarini ro‘yobga chiqarish maqsadida ikki tomonlama munosabatlar va ularni barcha sohalarda mustahkamlash yo‘llari ko‘rib chiqildi», — deyiladi xabarda.

Shuningdek, tomonlarni qiziqtirgan so‘nggi mintaqaviy va xalqaro o‘zgarishlar va masalalar muhokama qilindi.

Eslatib o‘tamiz, 22 aprel kuni 2012 yildan buyon tashqi ishlar vaziri lavozimida ishlab kelayotgan Abdulaziz Kamilov prezident huzuridagi Xavfsizlik kengashi kotibining tashqi siyosat va xavfsizlik masalalari bo‘yicha o‘rinbosari lavozimiga tayinlangan edi. Uning o‘rnini vaqtincha Vladimir Norov egalladi.

Unga qadar, 29 mart sanasidan Abdulaziz Kamilov so‘nggi o‘n kun davomida surunkali kasalliklari tufayli Tibbiyot bosh boshqarmasining 1-son Markaziy klinik shifoxonasida tibbiy muolajalar olgani, shundan so‘ng, salomatligini yanada chuqurrok tekshiruvdan o‘tkazish zarurati yuzaga kelgani sababli xorijda davolanayotgani aytilgandi.