«Narxlarning ko‘tarilishi yetarli emas». Sherzod Xodjayev — energetika sohasini isloh qilish to‘g‘risida

«Bugungi narxlar bilan biz faoliyat samaradorligini oshirish orqali sanoatning ayrim muammolarini hal qilishimiz mumkin. Ammo 25 yildan beri meros bo‘lib qolgan muammolarni hal qila olmaymiz, — deya ta’kidladi energetika vaziri o‘rinbosari Sherzod Xodjayev. Uning qo‘shimcha qilishicha, shunchaki narxlarni oshirishning o‘zi yetarli emas. Ishlaydigan bozor qoidalari kerak. Shu bilan birga, davlat aholi uchun tarif siyosatini saqlab turishi kerak.

Shavkat Mirziyoyev va Vladimir Putin hamkorlik masalalarini muhokama qildi

O‘zbekiston va Rossiya prezidentlari telefon orqali muloqotda O‘zbekiston-Rossiya munosabatlarini rivojlantirish, mintaqaviy kun tartibi va xalqaro siyosat masalalarini muhokama qildilar.

Rossiyaliklar O‘zbekistonga bir tomonlama aviachiptalarni ko‘proq xarid qilmoqda

Rossiya-Ukraina mojarosi fonida rossiyaliklar O‘zbekiston yo‘nalishida bir tomonlama aviachiptalarni ko‘proq xarid qilmoqda. Tahlilchilarning ma’lumotiga ko‘ra, mart-aprel oylarida konsalting, moliya va IT-kompaniyalar vakillari ortga qaytish chiptalarini nisbatan kamroq sotib olgan.

«To‘g‘ridan-to‘g‘ri amal qiladigan qonunlarni ishlab chiqish vaqti keldi» — Sodiq Safoyev

Davlat ilgarigi davrlardan farqli o‘laroq, nafaqat boshqaruv, balki fuqarolarga xizmat ko‘rsatish markaziga aylanib bormoqda, dedi Senat raisining birinchi o‘rinbosari Sodiq Safoyev. Shunday ekan, amaldorlarning faoliyatiga baho berish, muammolarni parlament usullarida hal etish, qonunlarni qabul qilishda yetuk ekspertlarga tayanish zarur. «To‘g‘ridan-to‘g‘ri amal qiladigan qonunlarni ishlab chiqish amaliyotini keng joriy etish vaqti keldi deb o‘ylayman», — dedi u.

«Hozir butun dunyoda konstitutsiyaviy islohotlar sharpasi kezib yuribdi» — Akmal Saidov

Seshanba kuni Konstitutsiyaviy komissiya rahbari Akmal Saidov Asosiy qonun islohoti zaruratini Karl Marks va Fridrix Engelsning «Kommunistik partiya manifesti»ga tayanib asoslantirishga harakat qildi. «Hozir butun dunyoda konstitutsiyaviy islohotlar sharpasi kezib yuribdi», — dedi u.

«Islohotlar buyruq bilan muvafaqiyatli amalga oshirilishi mushkul» — Sodiq Safoyev

Senat raisining birinchi o‘rinbosari Sodiq Safoyev islohotlar buyruq bilan muvafaqiyatli amalga oshirilishi mushkulligi va tub o‘zgarishlar aholi ularni chuqur va to‘la anglashiga bog‘liqligini ta’kidladi. «Taraqqiyotni ta’minlovchi tizimli mexanizmlar ichida eng muhimi — hokimiyatning uch tarmog‘i o‘rtasida bir-birini tiyib turish tizimini takomillashtirishdan iborat», — dedi u. Senator shuningdek, davlat hokimiyatining aholi oldida javobgarligini ta’minlash zarurligini qayd etdi.

Alisher Sa’dullayev O‘zbekiston shaxmat federatsiyasi raisi etib saylandi

Yoshlar ishlari agentligi direktori Alisher Sa’dullayev endi O‘zbekiston shaxmat federatsiyasiga ham rahbarlik qiladi. Unga qadar mazkur lavozimda Aziz Abduhakimov faoliyat yurtigan.

Nasrulla Babayev Bekobod shahriga hokim bo‘ldi

Qurilish vaziri o‘rinbosari lavozimida faoliyat yuritgan Nasrulla Babayev Bekobod shahri hokimi etib tayinlandi.

Adliya vaziriga o‘rinbosar tayinlandi

Intellektual mulk agentligi direktori lavozimida ishlab kelgan Tulkin Abdusattarov adliya vaziri o‘rinbosari etib tayinlandi.

Qirg‘iziston bilan O‘zbekistonni bog‘lovchi yerosti tunneli topildi

Qirg‘iziston xavfsizlik kuchlari tomonidan O‘zbekiston bilan chegarada 270 metrlik tunnel aniqlandi. Uning yordamida ikki mamlakatga bemalol o‘tish mumkinligi, tunnelni qaziganlikda gumon qilinayotgan shaxs esa ruhiy kasalliklar shifoxonasida ekanligi aytilmoqda.

O‘zbekiston va Qozog‘iston favqulodda vaziyatlarni bartaraf etishda hamkorlik qiladi

Shavkat Mirziyoyev O‘zbekiston va Qozog‘iston o‘rtasida favqulodda vaziyatlarning oldini olish va ularni bartaraf etishda hamkorlik qilish to‘g‘risidagi hukumatlararo bitimni tasdiqladi. Tomonlar tabiiy va texnogen xususiyatli favqulodda vaziyatlarning monitoringi va prognozi bo‘yicha ma’lumotlar almashadi, ularni bartaraf etishda o‘zaro hamkorlik qiladi.

Abdulaziz Kamilov Saudiya TIV rahbari bilan muloqot qildi

Abdulaziz Kamilov Saudiya Arabistoni tashqi ishlar vaziri Feysal bin Farxan bin Abdulla bilan muloqot qildi. Saudiya tomoni Kamilovni O‘zbekiston prezidentining maxsus vakili deb qayd etgan va suhbat chog‘ida so‘nggi mintaqaviy hamda xalqaro o‘zgarishlar muhokama qilingan.

O‘zbekistonda «Madaniy meros va ijod platformasi» ishga tushiriladi

Turizm va madaniy meros vazirligi hamda YUNESKOning O‘zbekistondagi vakolatxonasi «Madaniy meros va ijod platformasi» ni ishga tushiradi. Barcha amalga oshirilayotgan madaniy dasturlar va loyihalar xaritaga kiritiladi, bu esa umumiy manzarani ko‘ra olish, e’lon qilingan siyosat va strategiyalar doirasida muvofiqlashtirilgan holda ishlash imkonini beradi.

Qozog‘iston TIV Samarqandda turistlar bilan sodir bo‘lgan holatga munosabat bildirdi

Qozog‘iston TIV rasmiy vakili Aybek Smadiyarov Samarqandda ichki ishlar xodimlari turistlarga nisbatan elektroshoker qo‘llagan holat yuzasidan munosabat bildirdi. «O‘zbekistonda jamiyatning o‘zi huquq-tartibot idoralari xodimlarining harakatlarini qoralamoqda… Biz bunga aralashmaslikka harakat qilayapmiz va faqat fuqarolarimiz himoyasiga tegishli qismini kuzatib borayapmiz», — dedi u.

Namanganda 7-sinf o‘quvchisi avtomobilda tengdoshini bosib ketdi

Namangan viloyati Kosonsoy tumanida 7-sinf o‘quvchisi «Vaz-2106» rusumli avtomobilni noqonuniy boshqarayotib, yo‘l chetida ketayotgan 14 yoshli piyodani bosib ketdi. Bu oxirgi uch sutka ichida O‘zbekiston yo‘llarida YTH oqibatida sodir bo‘lgan sakkizinchi o‘lim holatidir.

Voyaga yetmagan qizga tegajog‘lik qilgan erkakka 10 sutka ma’muriy qamoq jazosi berildi

Toshkent shahar IIBB Yunusobod tumanidagi uy oldida 17 yoshli qizga tegajog‘lik qilgan erkak qo‘lga olingani haqida xabar berdi. U mayda bezorilikda ayblanib, 10 sutkaga ma’muriy qamoqqa olinib, jarimaga tortildi. Jabrlanuvchi ichki ishlar bo‘limi uning arizasini birinchi murojaatda qabul qilmaganidan shikoyat qildi.

O‘zbekistonda ikkinchi eng yirik quyosh fotoelektr stansiyasi ishga tushirildi

Samarqand viloyatining Nurobod tumanida mamlakatdagi ikkinchi eng yirik (100 MVt) quyosh fotoelektr stansiyasi ishga tushirildi va yagona tarmoqqa quvvat uzatishni boshladi. Bu bilan yiliga 78 mln kub metr tabiiy gaz tejaladi (mamlakat aholi xonadonlarining 10 kunlik iste’moli) va 80 mingdan ortiq xonadon elektr energiyasi bilan ta’minlanadi.

2020 yildan hozirgi kungacha is gazidan zaharlanish oqibatida 366 kishi vafot etdi

2020 yildan boshlab 2022 yilning o‘tgan davri mobaynida is gazidan zaharlanish bilan bog‘liq 428 ta holat sodir bo‘lgan. Natijada 366 nafar fuqaro vafot etgan va 307 kishi turli darajada jarohat olgan. Senatorlar o‘tkazilayotgan profilaktik tadbirlar yetarli darajada o‘z samarasini bermayotganini tanqid qildi.

UzAuto Motors 5 mingdan ortiq mashinani o‘z vaqtida yetkazib bermagani uchun penya to‘laydi

UzAuto Motors kompaniyasi 2021 yilda tuzilgan shartnomalarga muvofiq, 68 ta dilerlik tashkilotlari orqali 5 mingdan ortiq holatda xaridorlarga mashinalarni o‘z vaqtida yetkazib bermagani aniqlandi. Iste’molchilar huquqlarini himoya qilish agentligi kechiktirilgan har bir kun uchun iste’molchilarga penya to‘latish choralari ko‘rilayotganini ma’lum qildi.

Yanvardagi «blekaut» sababli iste’molchilarga 5,7 mlrd so‘m qaytarildi

25−27 yanvar kunlari butun O‘zbekistonda kuzatilgan energotizimdagi uzilishlar oqibatida «Toshissiqquvvati» korxonasi aholiga belgilangan normada issiqlik energiyasi yetkazib bermaganligi aniqlandi. Iste’molchilar huquqlarini himoya qilish agentligi Toshkent bo‘yicha 4,5 mlrd so‘m, 9 ta hudud bo‘yicha esa 1,222 mlrd so‘m mablag‘ni iste’molchilarga qaytarishga erishdi.