O‘zbekistonda «Madaniy meros va ijod platformasi» ishga tushiriladi, deya xabar berdi Turizm va madaniy meros vazirligi matbuot xizmati. Platformaning ishga tushirilishi vazirliklar, YUNESKOning O‘zbekistondagi vakolatxonasi hamda madaniyat va turizm sohasida faoliyat yurituvchi tashkilotlar vakillari tomonidan muhokama qilindi.

Elektron platformadan ko‘zlangan maqsad — O‘zbekistonda madaniy va tabiiy merosni muhofaza qilish, ijodkorlikni va barqaror turizmni rivojlantirishdan iborat. Uning faoliyati madaniy meros obyektlari, tabiat yodgorliklarini muhofaza qilishni kuchaytirish hamda ekologik turizmni rivojlantirishga yordam berishi rejalashtirilgan.

Platforma vazifalari:

  • O‘zbekistonda barcha manfaatdor tomonlar amalga oshirayotgan madaniy dasturlar/loyihalar/tashabbuslarni doimiy asosda aniqlash va xaritalash;
  • hamkorlikni ta’minlash orqali amalga oshirilayotgan faoliyat/loyihalarning qiymatini oshirish;
  • alohida yondashuvdan qochgan holda madaniyat bilan bog‘liq barcha ishlarni joriy siyosat va strategiyalar, aniqlangan ehtiyojlar va boshqalar asosida muvofiqlashtirilgan tarzda yo‘naltirish;
  • xaritalashtirilgan ish natijalari asosida madaniy meros sohasida xalqaro hamkorlik, aloqa va yordamni kuchaytirish, mahalliy va xalqaro institutlar hamda barcha manfaatdor tomonlar o‘rtasida o‘zaro hamkorlik, fikr va tajriba almashish uchun maydonni ta’minlashdan iborat.

O‘zbekistonning 5 ta obyekti YUNESKOning Umumjahon merosi obyektlari ro‘yxatiga kiritilgan: Ichanqal’a (1990 yilda kiritilgan), Buxoroning tarixiy markazi (1993), Shahrisabzning tarixiy markazi (2000), Samarqand — madaniyatlar chorrahasi (2001), G‘arbiy Tyan-Shan (2016).