24 may kuni Senatning Mudofaa va xavfsizlik masalalari qo‘mitasining 26-yalpi majlis oldidan yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi, deb xabar bermoqda yuqori palata matbuot xizmati.

Unda ta’kidlanishicha, 2020 va 2021 yillarda hamda 2022 yilning o‘tgan davrida is gazidan zaharlanish holatlarining oldini olish maqsadida 8 mlndan ortiq xonadonlarda isitish tizimlari, dudburonlar ko‘rikdan o‘tkazilgan va boshqa chora-tadbirlar amalga oshirilgan.

Prokuratura organlari tomonidan 105 ta tekshirish o‘tkazilgan. Aniqlangan qonun buzilishi holatlari yuzasidan mutasaddi tashkilotlarga 30 dan ortiq taqdimnoma, 25 tadan ziyod ogohlantiruvlar kiritilib, 25 nafar shaxs intizomiy va 4 nafar shaxs ma’muriy javobgarlikka tortilgan.

Senatorlar o‘tkazilayotgan profilaktik tadbirlar yetarli darajada o‘z samarasini bermaganini tanqid qildi. «Oqibatda 2020 yildan 2022 yilning o‘tgan davrida is gazidan zaharlanish bilan bog‘liq 428 ta holat sodir bo‘lgan. Natijada 366 nafar fuqaro vafot etgan va 307 nafar shaxs turli darajada jarohatlangan», — deyiladi xabarda.


Iste’molchilarda tabiiy va suyultirilgan gaz hamda muqobil turdagi yoqilg‘idan foydalanishda xavfsizlik madaniyatining shakllanmaganligi, gazda ishlovchi qurilmalarning dudburon va shamollatish kanallari soz holatda emasligi, sifatli tozalanmaganligi va belgilangan muddatlarda texnik ko‘rikdan o‘tkazilmayotganligi is gazidan zaharlanish holatlari hamon ko‘pligicha qolishiga asosiy sabablaridan biri bo‘lmoqda, degan fikrda senatorlar.

Shuningdek, milliy qonunchilikda is gazi chiqishi, uni bartaraf etish bo‘yicha zarur chora-tadbirlarni ko‘rish, aholini muhofaza qilish, xususan, zaharlanish holatlarining oldini olish borasidagi munosabatlarni o‘zida ifoda etuvchi yaxlit normativ-huquqiy hujjat mavjud emasligi ham tarmoqda ijobiy o‘zgarish bo‘lmayotganligiga bir sabab sifatida aytib o‘tildi.

Xususan, amaldagi qonunchilikda is gazidan zaharlanish holatlarining oldini olishga mas’ul bo‘lgan vakolatli davlat organi aniq belgilanmagan. Natijada bu borada amaliyotda tushunmovchiliklar kelib chiqmoqda.

Ta’kidlanishicha, is gazining chiqishi bilan bog‘liq holatlar asosan ko‘p kvartirali uylarda yuzaga kelmoqda.

Eslatib o‘tamiz, «Gazeta.uz» 2021−2022 yilgi isitish mavsumi boshlanishidan buyon Respublika bo‘yicha is gazidan zaharlanish bilan bog‘liq 40 ta holatda 24 kishi jabrlangani va 54 kishi halok bo‘lgani haqida xabar bergandi.