Seshanba kuni O‘zbekiston shaxmat federatsiyasining navbatdan tashqari hisobot saylov konferensiyasi o‘tkazildi. Unda federatsiyaga yangi rais saylash masalasi ko‘rildi, deb xabar berdi O‘zA.

Yoshlar ishlari agentligi direktori sifatida faoliyat ko‘rsatib kelayotgan Alisher Sa’dullayev O‘zbekiston shaxmat federatsiyasi raisi etib saylandi.

Ma’lumot o‘rnida, Alisher Sa’dullayev (1994 y. t.) 2017 yil iyulida xalq ta’limi vaziri o‘rinbosari lavozimiga tayinlanib, mamlakatdagi eng yosh vazir o‘rinbosari bo‘lgan edi. Toshkentdagi Singapur menejmentni rivojlantirish instituti bitiruvchisi. Avval Result o‘quv markazini boshqargan. 2018−2019 yillar Alisher Sa’dullayev Yoshlar ittifoqi rahbarining birinchi o‘rinbosari va 2019 yildan 2020 yilgacha Yoshlar ittifoqi Markaziy Kengashi raisi lavozimida ishlagan.

O‘zbekiston prezidenti qaroriga binoan 2020 yil 10 iyuldan boshlab Alisher Sa’dullayev yangi tashkil etilgan Yoshlar ishlari agentligi direktori lavozimida ishlab kelmoqda.

Shuningdek, u 2020 yili 17 yanvar kuni O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Oliy Majlis Senati a’zolarini tayinlash to‘g‘risidagi farmoni bilan senator etib tayinlangandi. Ushbu tayinlov bilan Alisher Sa’dullayev mamlakat tarixidagi eng yosh Senat a’zosiga aylandi.

Eslatib o‘tamiz, Shaxmat federatsiyasiga 2021 yil yanvaridan buyon bosh vazir o‘rinbosari Aziz Abduhakimov rahbarlik qilib kelayotgandi.

O‘z navbatida, 2022 yil fevral oyida Antikorrupsiya agentligi Shaxmat federatsiyasi bilan bog‘liq moliyaviy operatsiyalarni o‘rganib, federatsiyaga 2020−2021 yillarda budjetdan mablag‘lar to‘g‘ridan-to‘g‘ri ajratilmaganini aniqladi. Ta’kidlanishicha, federatsiyaga 2020 yil uchun mablag‘ ajratilmagan, 2021 yil davomida esa jami 6 ta tadbir uchun 2 mlrd 834,8 mln so‘m mablag‘ moliyalashtirilgan. Federatsiya tomonidan uning 2 mlrd 208,4 mln so‘mi sarflangan va qolgan 626,4 mln so‘m mablag‘lar vazirlikka qaytarilgan. Agentlik Shaxmat federatsiyasi NNT bo‘lgani bois, uning faoliyatini to‘xtatib qo‘yish uchun hujjatlarni Adliya vazirligiga yuborgan edi.

Bundan tashqari, shaxmatchi Sergey Qayumov «Husan Turdialiyevning so‘nggi 20 yildagi diktaturasi» haqida gapirgan bo‘lsa, Gulruhbegim Tohirjonova federatsiya rahbarining birinchi o‘rinbosarining xatti-harakatlari AQShga ketishiga sabab bo‘lganini ma’lum qilgan edi.