Joriy yilning 25−27 yanvar kunlari Markaziy Osiyo yagona elektr tarmog‘idagi avariya sabab O‘zbekiston hududlarida elektr energiyasi ta’minotida o‘chishlar sodir bo‘ldi.

23 may kuni AOKAda o‘tgan brifingda Iste’molchilar huquqlarini himoya qilish agentligi agentlik matbuot kotibi Mohruxsor Tog‘ayeva “blekaut” oqibatida “Toshissiqquvvati” DUK iste’molchilarga belgilangan talablarga muvofiq issiqlik ta’minoti yetkazib bermaganini ma’lum qildi.

Eslatib o‘tamiz, 25 yanvar kuni kuzatilgan energotizimdagi uzilish oqibatida O‘zbekistonda metro liniyalari, vokzallar, aeroportlar, yoqilg‘i quyish shahobchalari, xizmat ko‘rsatishdan tortib, oziq-ovqat do‘konlarigacha, qolaversa, elektr stansiyalari, gaz qazib olish konlarida ham ish to‘xtab qolishiga olib keldi. O‘zbekistonda energiya ta’minotni tiklash uchun to‘rt kun vaqt ketdi.

“Agentlik tomonidan „Toshissiqquvvati“ DUKga berilgan topshiriqqa asosan Toshkent shahridagi abonentlarga 4 mlrd 500 mln so‘m miqdoridagi mablag‘ belgilangan tartibda qayta hisob-kitob qilib berilishi ta’minlangan. Xuddi shu kabi o‘rganishlar respublikaning 9 ta hududlarda ham amalga oshirilib, uning natijasida 1 mlrd 222 mln so‘m miqdorida ortiqcha olingan mablag‘lar aniqlandi. Bugungi kunda ushbu mablag‘lar iste’molchilarga qayta hisob-kitob qilib berilishi ta’minlangan”, — dedi Mohruxsor Tog‘ayeva.

Bundan tashqari, agentlikka joriy yilning o‘tgan davrida 7 mingdan ortiq murojaat kelib tushgan. Shundan eng ko‘pi (42 foizi) uy-joy kommunal, transport xizmatlari, shuningdek, (33 foizi) savdo va umumiy ovqatlanish xizmatlari sohasiga tegishli.

Ko‘rib chiqilgan murojaatlarning 79 foizi qanoatlantirildi, 14 foiziga tegishli tushuntirish berildi va 5 foizi vakolatli idoralarga yuborildi.

“Agentlik mutaxassislari tomonidan murojaatlarni ko‘rib chiqish va ular asosida o‘tkazilgan o‘rganishlar jarayonida 4 mingdan ortiq iste’molchilarning buzilgan huquq va manfaatlari tiklanishiga erishildi. Natijada iste’molchilarga 3 mlrd 800 mln so‘m miqdorida zarar yetkazilganligi aniqlangan”, — dedi Mohruxsor Tog‘ayeva.

Shu bilan birga, agentlik hisoblagichlarning davriy qiyoslovi muddati va uni o‘tkazish bilan bog‘liq masalalarni ham o‘rganib chiqdi.

Xususan, karantin choralari joriy etilgani munosabati bilan gaz hisoblagichlarni davriy qiyoslovdan o‘tkazish kechiktirilishi va keyinchalik davlat dasturi doirasida ularning o‘rniga yangi aqlli hisoblagichlar o‘rnatilishi sababli, davriy qiyoslashdan o‘tkazish bo‘yicha to‘langan 634,7 mln so‘m yig‘imlarni 14 ming nafardan ortiq iste’molchiga qaytarilishi bo‘yicha choralar ko‘rilmoqda.