Prezident Shavkat Mirziyoyev O‘zbekiston va Qozog‘iston hukumatlari o‘rtasida favqulodda vaziyatlarning oldini olish va ularni bartaraf etish sohasida hamkorlik qilish to‘g‘risidagi bitimni tasdiqladi. Uning imzolanishi o‘tgan yilning dekabr oyida O‘zbekiston prezidentining Qozog‘istonga davlat tashrifi doirasida bo‘lib o‘tgan.

Hujjatda tabiiy va texnogen ofatlarning oldini olish hamda ularning oqibatlarini yumshatishda favqulodda vaziyatlar idoralarining o‘zaro hamkorlik samaradorligini oshirishga qaratilgan kompleks chora-tadbirlar va amaliy harakatlar ifoda etilgan. Bunda transchegaraviy xarakterdagi favqulodda vaziyatlarning oldini olish borasidagi ishlarga alohida urg‘u berilmoqda, deyiladi O‘zbekiston Favqulodda vaziyatlar vazirligi matbuot xizmatining 2021 yil dekabrdagi xabarida.

Shartnoma quyidagilarni nazarda tutadi:

  • xavfli texnogen va ekologik jarayonlar, tabiiy hodisalarni tadqiq va monitoring qilish;
  • tabiiy va texnogen xususiyatli favqulodda vaziyatlarning monitoringi va prognozi bo‘yicha muntazam ravishda axborot almashish;
  • aholini favqulodda vaziyatlarda harakat qilishga tayyorlash, jumladan, birinchi tibbiy yordam ko‘rsatishni tashkil etish bo‘yicha o‘zaro tajriba almashish;
  • favqulodda vaziyatlarni bartaraf etishda tegishli davlat organlarining o‘zaro hamkorligini yo‘lga qo‘yish;
  • tabiiy ofatlarning oldini olish va ularni bartaraf etish;
  • o‘zaro hamkorlikda rejalashtirish, ilmiy-tadqiqot loyihalarini ishlab chiqish va amalga oshirish, ilmiy-texnik adabiyotlar va tadqiqot natijalari bilan o‘zaro almashish;
  • favqulodda vaziyatlarning oldini olish va ularni bartaraf etish sohasida axborot, davriy nashrlar, uslubiy va boshqa adabiyotlar, video va fotomateriallar, shuningdek, texnologiyalar bilan o‘zaro almashish kabi vazifalar belgilangan.

2020 yil bahorida O‘zbekistondagi Sardoba suv ombori to‘g‘oni yorilib, Qozog‘istonning Turkiston viloyati Maktaaral tumanidagi aholi punktlari suv ostida qolgan, 30 mingdan ortiq aholi evakuatsiya qilingan edi. Tumanning O‘zbekiston bilan chegaradosh 5 ta qishlog‘ida 845 ta uyni, 7639 gektar paxta maydonlarini suv bosib ketgan. O‘zbekiston Qozog‘istonga qutqaruvchilar va texnikalarni jo‘natib, tabiiy ofatlar ta’sirida vayron bo‘lgan uylar o‘rniga yangi uylar qurishga qisman yordam bergan edi.