O‘zbekiston IIV YHXX axborot xizmati Namanganda maktab o‘quvchisi avtomobilda noqonuniy harakatlanayotib, boshqaruvni yo‘qotishi oqibatida o‘z tengqurini bosib ketgani haqida xabar berdi.

Ma’lum bo‘lishicha, 2022 yil 20 may kuni soat 14:45larda Namangan viloyati Kosonsoy tumani «Kushon MFY» Hurriyat ko‘chasida «Vaz-2106» rusumli avtomobilda harakatlanib ketayotgan 2008 yilda tug‘ilgan, voyaga yetmagan bola (tumandagi 5-sonli maktabning 7-sinf o‘quvchisi) boshqaruvni yo‘qotishi oqibatida yo‘lning o‘ng chetida ketayotgan piyoda, 2008 yilda tug‘ilgan X.B.ni urib yuborgan.

YTH natijasida piyoda X.B. og‘ir tan jarohatlari olgani sababli shifoxonada vafot etgan.

Mazkur YTH yuzasidan Kosonsoy tumani IIB huzuridagi Tergov bo‘limi tomonidan Jinoyat kodeksining 266-moddasi 2-qismi (transport vositalari harakati yoki ulardan foydalanish xavfsizligi qoidalarini buzish odam o‘lishiga sabab bo‘lsa) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, hozirda tergov harakatlari olib borilmoqda.

Eslatib o‘tamiz, bu so‘nggi uch sutka ichida O‘zbekiston yo‘llarida YTH oqibatida sodir bo‘lgan sakkizinchi o‘lim holatidir. 22 may kuni Toshkent viloyati Bekobod tumanida «VAZ-2104» va Cobalt avtomashinalari to‘qnashib, ikki kishi (ulardan biri 2022 yilda tug‘ilgan) vafot etgan edi. Shuningdek, 23 may kuni Sirdaryo viloyati Xovos tumanida Lacetti va Nexia avtomobillarining to‘qnashuvi oqibatida 5 kishi, jumladan, kichik yoshdagi bolalar halok bo‘ldi.