Andijon viloyatining Asaka tumanida 26 yoshli ayolning qornida jarrohlik amaliyotidan keyin salfetka qolib ketgani (video) aniqlandi. Mazkur holat yuzasidan Asaka tumani hokimligi matbuot xizmati olib borilgan o‘rganish natijalarini e’lon qildi.

Qayd etilishicha, G‘anchayuz ko‘chasida yashovchi, 1994 yilda tug‘ilgan fuqaro O‘.D.ni 2020 yil 5 oktabr kuni Asaka tuman tibbiyot birlashmasi tasarrufidagi 2-sonli tug‘ruq uyiga «qog‘onoq pardasining tug‘ruqdan oldin yorilishi» tashxisi bilan qabul qilingan. Uni shifokor akusher-ginekolog F.Xusanova va doya Soliyevalar ko‘rikdan o‘tkazgan.

Bemorda muayyan tug‘ruq jarayoni bo‘lmaganligi sababli nazorat olib borish maqsadida xasta homiladorlar bo‘limiga yotqizilgan. Reja asosida laborator va instrumental tekshiruvlar o‘tkazilgan. Kuzatuv davomida ayol holati qoniqarli deb baholangan. Oradan ikki kun o‘tib homilaning nomuayyan xolati (ishonchsiz), qog‘onoq pardaning tug‘ruqdan oldin yorilishi, kamqonlik o‘rta og‘ir darajasi aniqlangan.

Shundan so‘ng, tug‘ruqni jarrohlik usuli bilan olish uchun oila a’zolaridan jarrohlik muolajasiga yozma rozilik olingan. Jarrohlik muolajasi kesercha-kesish usulida o‘tkazilgan. O‘sha kuni kechqurun farzand dunyoga kelgan va amaliyot SMA org‘iqsizlantirilishi yo‘li bilan bajarilgan. Asoratlar kuzatilmagan. Jarrohlikdan so‘ng bemor intensiv kuzatuv olib borish xonasiga o‘tkazilib, infuzion, antibakterial terapiya olib borilgan.

«Oradan 10 oy o‘tib, 2021 yilning 16 avgust kuni Asaka tumanidagi SHTYOB bo‘limiga ayol o‘tkir bitishmali ichak tutilishi tashxisi bilan yotkizilgan. U tekshiruvlardan o‘tkazilib, zudlik bilan operatsiyaga olingan. Amaliyot vaqtida bemorning ingichka ichagiga yot jism tiqilib qolganligi aniqlangan. Yot jism olingan va u salfetkaligi aniqlangan, ichak jarohati tikilgan», — deyiladi xabarda.

Chuvalchangsimon o‘simtasi ikkilamchi yallig‘langanligi uchun olib tashlangan. Operatsiyadan keyingi davr tinch o‘tgan. Oradan 4 kun o‘tib, qoniqarli xolatda rejali jarrohlik bo‘limiga o‘tkazilib, 28 avgust kuni uyiga ketishga ruxsat berilgan.

Ayol va uning farzandi xozirda amaliy sog‘lom, salomatligi bo‘yicha xech qanday shikoyat va e’tirozlari yo‘q, deyiladi xabarda.

Tuman hokimligining qo‘shimcha qilishicha, operatsiya vaqtida video kelgusida shifokorlar orasida operatsiya vaqtida bunday qo‘pol xatolarga yo‘l qo‘ymasliklari, shifokorlar hushyor bo‘lishi maqsadida olingan. Noma’lum shaxs esa uni tarqatib yuborgan.