Harbiy va fuqarolik urushlari, ta’qiblar va inson huquqlari buzilishi tufayli o‘z mamlakatlarini tark etishga majbur bo‘lganlar soni birinchi marta 100 milliondan oshdi, deb xabar berdi BMTning Qochqinlar bo‘yicha Oliy komissari boshqarmasi.

Bmtning qochqinlar bo‘yicha Oliy komissari Filippo Grandi bu ko‘rsatkichni keskin, jiddiy va tashvishli deb atadi. «Bu buzg‘unchi mojarolarni hal qilish va oldini olish, ta’qiblarni tugatish va begunoh odamlarni uylarini tark etishga majbur qiladigan asosiy sabablarni bartaraf etish uchun tashvishli chaqiruv bo‘lib xizmat qilishi kerak», — dedi u.

100 mln qochqin — dunyo aholisining 1 foizini demaklir, ular dunyodagi eng zich joylashgan 14-mamlakatbni tashkil qilishi mumkin edi. Bu raqamlarga qochqinlar va boshpana izlovchilar, shuningdek, mojaro natijasida o‘zining ichki chegaralarida ko‘chib yurgan 53,2 mln kishini o‘z ichiga oladi.

Efiopiya, Burkina-Faso, Myanma, Nigeriya, Afg‘oniston va Kongo Demokratik Respublikasi kabi mamlakatlarda zo‘ravonlik to‘lqinlari yoki uzoq davom etgan mojarolar tufayli dunyo bo‘ylab ko‘chishga majbur bo‘lganlar soni 2021 yil oxiriga kelib 90 millionga yetdi.

Bu yil fevral oyida boshlangan Rossiya tomonidan harbiy tajovuz tufayli Ukrainadagi qochqinlar va ko‘chishga majbur bo‘lganlar ham mazkur raqamga qo‘shildi. Bu 8 mln insonning ichki ko‘chishiga olib keldi va 6 millionga yaqin insonni Ukrainani tark etishga majbur qildi.

«Ukrainadagi urushdan qochib, o‘z jonini saqlashga uringan insonlarga xalqaro munosabat juda ijobiy bo‘ldi. Rahm-shafqat hanuz hayot va biz dunyodagi barcha inqirozlar uchun shunga o‘xshash safarbarlikka muhtojmiz», — deya ta’kidladi BMT Oliy komissari. Biroq, gumanitar yordam — bu «dori emas, balki vaqtinchalik chora demakdir», dedi u.

Qochqinlar va ko‘chib yurganlar muammosini hal qilishning yagona yo‘li — tinchlik va barqarorlikdir, shundagina begunoh odamlar uyida o‘ta xavfli vaziyatda qolish yoki o‘z jonini xatarga qo‘yib qochish va surgun bo‘lish o‘rtasida tanlov qilishga majbur bo‘lmaydi, deya ta’kidladi BMT.

Odamlarni o‘z yashash joyini tashlab, boshqa hududlarda yegulik qidirib ketishiga ob-havo hodisalari — suv toshqinlari, bo‘ronlar va siklonlar ham sabab bo‘ldi. Ular 2021 yilda taxminan 23,7 mln kishining ichki ko‘chishiga olib keldi, bu asosan Osiyo-Tinch okeani mintaqasida kuzatildi. Qurg‘oqchilik va unga bog‘liq bo‘lgan ocharchilik ham Afrikada keng ko‘lamli aholi ko‘chishlarini keltirib chiqarmoqda.

2021 yilda rekord darajada — 59,1 mln kishi ko‘chishga majbur bo‘ldi, bu 2020 yilga qaraganda 4 mln kishiga ko‘proq, deya qo‘shimcha qildi Xalqaro migratsiya tashkiloti. Mojarolar va zo‘ravonliklar 14,4 mln kishining ichki ko‘chishiga sabab bo‘ldi, bu o‘tgan yilga nisbatan deyarli 50 foizga ko‘pdir.