Prezident Shavkat Mirziyoyev 23 may kungi yig‘ilishda sport sohasidagi ilmiy salohiyatning amaldagi holati ham talab darajasida emasligini tanqid qildi. Bu haqda uning matbuot kotibi Sherzod Asadov xabar berdi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, birorta sport turi bo‘yicha mahalliy olimlar tomonidan na metodika, na dastur ishlab chiqilgan.

«Sport diyetologiyasi, farmakologiyasi, psixologiyasi, sport muhandisligi, kardiomashg‘ulotlar bo‘yicha bizda umuman mutaxassislar tayyorlanmaydi. Bugungi kunda sportchilarni tayyorlash 30 yil oldingi dasturlar asosida amalga oshirilmoqda», — dedi Shavkat Mirziyoyev.

Bundan tashqari, umumrespublika sport musobaqalari «tuman — viloyat — respublika» zanjiri asosida tashkil etilishi belgilab berildi.

Bundan buyon:

  • birlamchi saralash bosqichidan o‘tmagan sportchilar viloyat va respublika bosqichida ishtirok etmaydi;
  • milliy terma jamoalarga barcha bosqich musobaqalarida ishtirok etib g‘olib yoki sovrindor bo‘lgan yoshlar saralab olinadi;
  • har yili mahalla va muassasalar jamoalari ishtirokida ko‘p bosqichli Hokim kubogi tashkil qilinadi.

Xalqaro tajriba va standartlar asosida sport turlari bo‘yicha milliy chempionatlar o‘tkazish tartibi ishlab chiqiladi.

Jismoniy tarbiya va sport universiteti, respublika malaka oshirish hamda sport ilmiy-tadqiqot institutlarining roli umuman sezilmayotgani qayd etildi.

Shu bois mutasaddilarga:

  • olimpiya sport turlari bo‘yicha sportchilarni jismoniy va ruhiy tayyorlash, ularni sog‘lom ovqatlantirish dasturlarini ishlab chiqish;
  • kelgusi o‘quv yilidan boshlab Jismoniy tarbiya va sport universitetida sport diyetologiyasi, muhandisligi va kardiomashg‘ulotlar, Tibbiyot akademiyasida sport meditsinasi va farmakologiyasi bo‘yicha mutaxassislar tayyorlashni yo‘lga qo‘yish;
  • yiliga kamida 20 nafar mahalliy trener, sport shifokori va boshqa mutaxassislarni xorijda malaka oshirish tizimini joriy etish vazifasi yuklatildi.

Qolaversa, Jismoniy tarbiya va sport ilmiy tadqiqotlar instituti faoliyatini tanqidiy ko‘rib chiqib, uni takomillashtirish bo‘yicha taklif kiritish topshirildi.