Afrika davlatlariga xos bo‘lgan maymun chechagi infeksiyasi bugungi kunga qadar O‘zbekistonda qayd etilmadi. Bu haqda Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi xizmati boshlig‘i o‘rinbosari, professor Nurmat Otabekov 23 may kuni o‘tkazilgan matbuot anjumanida ma’lum qildi.

Jahon sog‘liqni saqlash tashkilotining ma’lumotlariga ko‘ra, kasallik hozirgacha 14 ta davlatda qayd etilgan. Xususan, infeksiyani yuqtirganlar soni 90 nafarga yaqinlashgani, qariyb 30 kishi kasallikka chalinganlikda gumonlanayotgani aytilmoqda. Shu kungacha mazkur kasallikdan o‘lim holatlari ro‘yxatga olinmagan.

«O‘zbekistonda hozirga qadar maymun chechagi qayd etilgani yo‘q. Ayni paytda JSST tavsiyalaridan kelib chiqib bu infeksiyaning yurtimizga kirib kelmasligi uchun zarur choralarni ko‘ryapmiz», — dedi Nurmat Otabekov.

Bu xastalik kecha yoki bugun paydo bo‘lgani yo‘q. Ya’ni ilk bor u bundan 52 yil avval Kongo Demokratik Respublikasida aniqlangan. Kasallikning alohida holatlari Markaziy va G‘arbiy Afrika mamlakatlarida kuzatilgan, deya qo‘shimcha qildi SEO boshlig‘i o‘rinbosari.

Uning so‘zlariga ko‘ra, dunyo bo‘ylab kasallikning qayta avj olishi 7 maydan boshlandi. Shu kuni Nigeriyadan Buyuk Britaniyaga qaytgan sayyohda infeksiya aniqlandi. Unda kasallik belgilari terida toshmalar toshishi bilan namoyon bo‘lgan. Keyin mamlakatda o‘nga yaqin bemorlar maymun chechagiga chalingani aniqlangan.

Undan so‘ng AQSh, Kanada, Ispaniya, Portugaliya, Fransiya, Italiya, Shvetsiya, Belgiya, Niderlandiya, Gretsiya, Avstraliya, Isroil va Shveysariyada ham xastalik tarqala boshlagani haqida xabarlar tarqaldi.

«Yurtimizga bu kasallik kirib kelgan taqdirda ham birorta shifoxonani mazkur kasallikka moslashtirish yoki alohida shifoxona tashkil etishga ehtiyoj yo‘q. Chunki O‘zbekistonda 1980 yildan avval tug‘ilganlarning barchasi kasallikka qarshi emlangan. Ya’ni hozirda mamlakatimiz aholisining 50 foizida emlash orqali immunitet paydo qilingan. Bilamizki, bunday holatda kasallik ommaviy epidemiya tarzida tarqalib ketmaydi», — dedi u.

Ma’lumotlarga ko‘ra, maymun chechagi deyarli barcha holatlarda hayvonlardan odamga yuqadi. Asosan endemik hududlarga safar qilgan va jonivorlar bilan muloqotda bo‘lgan kishilarda tasdiqlanishi mumkin.

«Tahlillarga ko‘ra, kasallik odatda yengil kechyapti va bemorlarning ko‘pchiligi bir necha hafta ichida tuzalib ketmoqda. Shunga qaramay, hozir JSST maymun infeksiyasi keng tarqalib ketmasligi uchun dunyo mamlakatlarini profilaktik choralarni kuchaytirishga chaqirmoqda», — dedi SEO vakili.

Ta’kidlanishicha, aynan maymun chechagiga qarshi emlash preparatlari mavjud bo‘lmasa-da, bir qator mamlakatlar oddiy chechakka qarshi vaksinalar orqali buning oldini olishga harakat qilmoqda. Chunki ikki virus bir-biriga o‘xshash va shu tufayli bunday vaksinalar maymun chechagining oldini olishda taxminan 85 foizga samara berishi kutilyapti, dedi mutaxassis.