Toshkentning Sergeli tumani hokimligi Toshkent markazi bilan Sergeli tumanini bog‘lovchi yangi yo‘ldagi ayrim devorlar qulab tushganiga izoh berdi. Ushbu yo‘l may oyi boshida ochilgandi.

Yo‘l yoqasida beton plitalardan yasalgan yig‘ma devor o‘rnatilgan. Daryo nashri e’lon qilgan videodan ko‘rish mumkinki kamida 4 qator devor va yana 2 ta plita qulab tushganini ko‘rish mumkin. Video muallifi plitalar piyodalar va velosipedchilar ustiga ham qulab tushishi mumkinligi aytib, «aybdorlar javobgarlikka tortiladimi?» deya savol bilan yuzlangan.


Tuman hokimligi xabar berishicha, mazkur yo‘l o‘tgan hudud ochiq bo‘lgani bois kuchli shamol kuchliroq bo‘lganligi kuzatilgan. O‘zgidromet 21−24 may kunlari kuchli shamollar esishini ma’lum qilgandi.

Hokimlik o‘rganishlariga ko‘ra, ushbu kamchilik pudratchining devorni mustahkam o‘rnatmaganligi bilan bog‘liq, shuning uchun pudratchi o‘z hisobidan devorni ta’mirlashga kirishgan.

Sergeli tuman hokimligi befarq bo‘lmagan barcha aholi vakillariga minnatdorchilik bildirib, keltirilgan noqulayliklar uchun uzr so‘radi.