O‘zbekistonda maymun chechagi qayd etilmadi — Nurmat Otabekov

Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik xizmati rahbari o‘rinbosari Nurmat Otabekov 14 ta davlatda tarqalgan maymun chechagi infeksiyasi O‘zbekistonda qayd etilmaganini ma’lum qildi. Ayni paytda JSST tavsiyalaridan kelib chiqib ushbu infeksiyaning mamlakatga kirib kelmasligi uchun zarur choralar ko‘rilmoqda. Uning ishontirishicha, bunday holatda kasallik ommaviy epidemiya tarzida tarqalib ketmaydi.

O‘zbekistonda sportchilarni tayyorlash va seleksiya qilish bo‘yicha yangi tizim joriy qilinadi

O‘zbekistonda sportchilarni tayyorlash va seleksiya qilish bo‘yicha mutlaqo yangi tizim joriy qilinadi. Shavkat Mirziyoyev yoshlarni bolalikdanoq sportga jalb qilish borasidagi yondashuvlar o‘zgartirilishini ma’lum qildi. Buxoro tajribasi asosida — yaxshi natijaga erishgan yosh sportchilarning elektron ro‘yxati shakllantiriladi va ular maxsus guruhlarda bepul o‘qitiladi, sport maktabi trenerlarining ish haqi 35 foizga oshiriladi.

«Sportchilarni tayyorlash 30 yil oldingi dasturlar asosida amalga oshirilmoqda» — prezident

O‘zbekistonda biror sport turi bo‘yicha mahalliy olimlar tomonidan na metodika, na dastur ishlab chiqilgan. Sport diyetologiyasi, farmakologiyasi, psixologiyasi, kardiomashg‘ulotlar bo‘yicha mutaxassislar tayyorlanmaydi, deya tanqid qildi Shavkat Mirziyoyev sohani rivojlantirishga bag‘ishlangan yig‘ilishda. «Bugungi kunda sportchilarni tayyorlash 30 yil oldingi dasturlar asosida amalga oshirilmoqda», — dedi u.

Andijonda shifokorlar 26 yoshli ayol qornida salfetkani unutib qoldirdi

Asaka tumanida tug‘ruqxona shifokorlari 26 yoshli ayolning qornida salfetkani unutib qoldirgani oradan 10 oy o‘tib ma’lum bo‘ldi. Tuman hokimligi salfetka jarrohlik amaliyoti bilan olib tashlangani va bemorning salomatligi bo‘yicha shikoyati yo‘qligini ma’lum qildi. Tarmoqlarda tarqalgan video esa boshqa shifokorlarga o‘rnak bo‘lishi uchun suratga olingani va noma’lum shaxs tomonidan tarqatib yuborilgani aytilmoqda.

Hokim yordamchisi Oltinko‘l tumani hokimi bo‘ldi

Qo‘rg‘ontepa tumani hokimi yordamchisi Maxamadmuso Obidov Oltinko‘l tumani hokimi etib tayinlandi. U oldinroq Milliy bankning Andijon viloyati filiali rahbari ham bo‘lgan.

Samarqand va Namanganda ichki ishlar xodimlari fuqarolarni qasddan aybdor qilishga uringani aytilmoqda

Samarqand va Namangan viloyatlarida ichki ishlar xodimlari fuqarolarni qasddan aybdor qilishga uringani aytilmoqda, buning isboti esa video lavhalarda aks etgan. Samarqandda ichki ishlar xodimi ayol kishini prokuratura binosidan chiqarishga urinayotganida o‘z qo‘li bilan xizmat kiyimidagi pogonini yulib tashlagan, buning uchun esa sud ayolni aybdor deb topgan. «Ezgulik» jamiyati tergov va sud ishi qonunga zid olib borilganini aytmoqda. Namangandagi holatda esa YPX xodimi haydovchi bilan tortishib, unga boshi bilan zarba bergan, inspektorga nisbatan xizmat tekshiruvi tayinlandi.

Qarshi aeroporti rekonstruksiya qilinadi

Qarshi xalqaro aeroportida rekonstruksiya ishlari olib borilmoqda: terminalning o‘tkazuvchanlik quvvati ikki baravarga oshiriladi, yangi bagaj tasmalari hamda elektron tarozilar o‘rnatiladi, yo‘lovchilar uchun qulayliklar yaratiladi.

Angren shahriga yangi hokim tayinlandi

Alisher Rayimov Angren shahri hokimi etib tayinlandi.

Abat Fayzullayev O‘zbekistonning Vengriyadagi elchisi etib tayinlandi

O‘zbekistonning Avstriyadagi elchisi Abat Fayzullayev o‘rindoshlik asosida mamlakatning Vengriyadagi diplomatik vakolatxonasini ham boshqaradi.

Sergeli bilan bog‘lovchi yangi yo‘ldagi devorlarning ayrimlari qulab tushdi

May oyi boshida ochilgan Sergeli tumanini Toshkent markazi bilan bog‘lovchi yangi yo‘ldagi ayrim devorlar kuchli shamol oqibatida qulab tushdi. Hokimiyat pudratchi devorlarni mustahkam o‘rnatmagani va u hozirda devorlarni qayta ta’mirlayotganini ma’lum qildi.

Hafta davomida iliq va quruq ob-havo bo‘lishi kutilmoqda

Hafta davomida O‘zbekiston bo‘ylab ob-havo kam bulutli va iliq bo‘ladi. Seshanbadan kunlar yana isiy boshlaydi, harorat +37 darajagacha ko‘tariladi. Juma kuni esa ayrim joylarda qisqa yomg‘ir yog‘adi. Haftaning ikkinchi yarmidan shamol kuchayib, ayrim joylarda chang-to‘zon kuzatilishi mumkin.

Toshkent shahri va viloyatida katta miqdorda turkman manatini sotishga urinishdi

Huquqni himoya qilish organlari Toshkent shahri va viloyatida 290 ming turkman manatini sotishga uringan to‘rt nafar shaxsni qo‘lga oldi.

Farg‘ona neftni qayta ishlash zavodi $100 mlnga sotildi

Sanoat Energetika Guruhi (sobiq Jizzakh Petroleum) xorijiy kompaniyasi davlatdan Farg‘ona neftni qayta ishlash zavodini 100 mln dollarga sotib oldi. Kompaniya shuningdek, 380 mln dollarga zavodni modernizatsiya qilish, ishlab chiqarish quvvatini oshirish va boshqa majburiyatlarni o‘z zimmasiga oldi. Bitim tafsilotlari.

Abat Fayzullayev O‘zbekistonning Vengriyadagi elchisi etib tayinlandi

O‘zbekistonning Avstriyadagi elchisi Abat Fayzullayev o‘rindoshlik asosida mamlakatning Vengriyadagi diplomatik vakolatxonasini ham boshqaradi.

Bekoboddagi YTHda ikki kishi halok bo‘ldi, uch kishi jarohatlandi

Bekobodda «VAZ-2104» va «Cobalt» avtomashinalari to‘qnashib, ikki kishi (ulardan biri 2022 yilda tug‘ilgan) vafot etdi, uchtasi kasalxonaga yotqizildi.

«23:00 dan keyin yurish mumkin emas». Samarqandda turistlarga nisbatan elektroshoker qo‘llashdi

Samarqand IIB xodimlari bir nafar qozog‘istonlik va ikki nafar mahalliy turistga nisbatan elektroshoker qo‘llagan holda majburan bo‘limga olib borishdi. Videolarda xodimlar shaharda «Xavfsiz tun» tadbiri olib borilayotgani va soat 23:00 dan keyin ko‘chada yurish mumkin emasligi hamda ularga «reja» qo‘yilganini ta’kidlashgan. IIV «xodimlar xizmat vazifasi va maxsus-texnik vositalarni qo‘llash vakolatini suiiste’mol qilganini» ma’lum qildi.