21 may kuni Qirg‘iz Respublikasi Batken viloyati Qadamjoy tumani orqali O‘zbekistonning So‘x tumani hududiga harakatlanib kelayotgan fura YTHga uchradi. Bu haqda IIV matbuot kotibi Shohrux G‘iyosov xabar berdi.

Voqea taxminan soat 15:30 lar atrofida sodir bo‘lgan. Ustiga buldozer yuklangan (02 KG 899 RS raqamli) yuk mashinasining tormoz uskunasi ishdan chiqib, haydovchisi boshqaruvni yo‘qotgan.

Foto: IIV.

Buning natijasida «Chechme» (Qirg‘iz) chegara o‘tkazish punkti va «Chashma» (O‘zbekiston) chegara o‘tkazish punkti orqali ro‘yxatdan o‘tish uchun navbatda turgan jami 12 ta (2 ta O‘zbekiston va 10 ta Qirg‘iz Respublikasi) avtomashinalarga urilib, ularga shikast yetkazgan.

«Avtohalokat natijasida, birlamchi ma’lumotlarga ko‘ra, 9 nafar fuqaro (shulardan, 1 nafari O‘zbekiston, qolgan 8 nafari Qirg‘iziston fuqarosi) vafot etgan», — deyiladi xabarda. Yana 5 kishi (1 nafari O‘zbekiston fuqarosi, qolgani qirg‘izistonliklar) So‘x tumani tibbiyot markazida tibbiy yordam ko‘rasatilib, yashash uyiga ruxsat berilgan.

Jarohatlanganlarga tez-tibbiy yordam ko‘rsatilishi ta’minlangan. Holat yuzasidan tergovga qadar surishtiruv ishlari olib borilmoqda.

Foto: turmush.kg.