20 may kuni Oliy Majlisi Senati Kengashining majlisi bo‘lib o‘tdi. Unda senatorlar Senatning 26-yalpi majlisini 28 may (shanba) kuni chaqirish to‘g‘risida qaror qabul qildi, deya xabar berdi yuqori palata matbuot xizmati.

Videokonferensaloqa shaklida bo‘lib o‘tadigan yalpi majlisda quyidagi masalalar ko‘rib chiqiladi:

  • «Davlat fuqarolik xizmati to‘g‘risida»gi,
  • «Yer uchastkalarini kompensatsiya evaziga jamoat ehtiyojlari uchun olib qo‘yish tartib-taomillari to‘g‘risida»gi,
  • «Yer munosabatlarida tenglik va shaffoflikni ta’minlash, yerga bo‘lgan huquqlarni ishonchli himoya qilish va ularni bozor aktiviga aylantirish tizimi takomillashtirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida»gi,
  • «Giyohvandlik vositalari va psixotrop moddalar to‘g‘risida»gi qonunining 19-moddasiga qo‘shimcha va o‘zgartish kiritish haqida»gi qonunlar shular jumlasidandir.

Qolaversa, yalpi majlisda Senat Orolbo‘yi mintaqasini rivojlantirish masalalari va ekologiya qo‘mitasining 2021 yil va 2022 yilning birinchi choragidagi faoliyati to‘g‘risidagi hisobotini ham eshitadi.

Senatorlar iqtisodiyot tarmoqlari, ijtimoiy soha obyektlari hamda aholi turar joylarida quyosh va shamol energiyasidan foydalanish bo‘yicha Qoraqalpog‘istonda bajarilayotgan ishlar to‘g‘risida Vazirlar Mahkamasiga yuborilgan parlament so‘rovi natijalarini ham ko‘rib chiqadi.

Bundan tashqari, internet jahon axborot tarmog‘ida yoshlar va voyaga yetmaganlar uchun milliy kontentni rivojlantirish, ularning ijtimoiy tarmoqlardan foydalanish madaniyati va zararli axborotdan himoya qilish masalalari yuzasidan Vazirlar Mahkamasiga yuborilgan parlament so‘rovi natijalari ham muhokama qilinadi.

Shuningdek, yengil sanoat va charm sanoati korxonalarida xotin-qizlarning mehnat huquqlarini himoya qilishning holati yuzasidan Vazirlar Mahkamasiga yuborilgan parlament so‘rovi natijalarini ham ko‘rib chiqish nazarda tutilgan.