O‘zbekiston prezidenti 20 may kuni dorivor o‘simliklar xomashyo bazasidan samarali foydalanish, qayta ishlashni qo‘llab-quvvatlash orqali qo‘shimcha qiymat zanjirini yaratish chora-tadbirlari to‘g‘risidagi farmonga imzo chekdi. Hujjatda dorivor o‘simliklar yetishtirish, ularni qayta ishlash va saqlash bilan shug‘ullanuvchi kichik biznes va oilaviy tadbirkorlar uchun soliq va kredit imtiyozlari berilgan. Dorivor o‘simliklar klasterlari uchun imtiyozlar 2020 yildayoq taqdim etilgandi.

2022−2026 yillarda 36 000 gektar maydonda qizilmiya, za’faron, kavrak, lavanda, steviya, moychechak, na’matak, ravoch, mavrak, dalachoy, tog‘rayhon, bo‘ymadaron, kiyik o‘ti, kovul, qalampir yalpiz va boshqa dorivor o‘simliklar yetishtirish bo‘yicha plantatsiyalari tashkil etiladi. Dorivor o‘simliklarning asosiy turlarini yetishtirishga ixtisoslashgan tumanlar ro‘yxati 2020 yilda tasdiqlangan.

Har 10 gektar yer maydonidagi dorivor o‘simliklarning madaniy plantatsiyalariga suv chiqarish uchun burg‘ilangan quduq qazish, shuningdek, daryolar, kanallar hamda boshqa suv havzalaridan suvni tortish maqsadida nasos stansiyasini qurishga suv tejovchi texnologiyalarni qo‘llash sharti bilan har bir metri uchun 600 ming so‘mdan, ammo 120 million so‘mdan oshmaydigan miqdorda subsidiya ajratiladi.

2025 yil 1 yanvarga qadar dorivor o‘simliklarni yetishtirishdan olgan daromadlari joriy hisobot (soliq) davri yakunlari bo‘yicha jami daromadning kamida 80 foizini tashkil etadigan tadbirkorlik subyektlaridan olinadigan yer solig‘i, foyda solig‘i va mol-mulk solig‘i stavkalari 50 foizga kamaytiriladi.

Mazkur imtiyozni qo‘lga kiritish uchun shart qo‘yilgan: mablag‘lar dorivor o‘simliklar plantatsiyalarini kengaytirishga yo‘naltirilishi kerak.

Ishlab chiqaruvchilar tomonidan o‘z ehtiyojlari uchun olib kelinadigan O‘zbekistonda ishlab chiqarilmaydigan texnologik va laboratoriya uskunalari hamda biologik faol qo‘shimchalar (BFQ) ishlab chiqarish uchun ishlatiladigan xomashyo va materiallar, qadoqlash materiallari belgilangan tartibda shakllantiriladigan ro‘yxatlar bo‘yicha 2025 yil 1 yanvarga qadar bojxona bojidan ozod qilinadi.

Dorivor o‘simliklarni yetishtirish va qayta ishlash uchun foydalaniladigan texnologik va laboratoriya uskunalari, ventilyatsiya tizimlari, asbob-uskunalar, xomashyo, materiallar, kimyoviy preparatlar hamda himoya vositalarini olib kirishda QQSni 180 kunga kechiktirib to‘lash imkoniyati beriladi.

Dorivor o‘simliklar xomashyosi hamda undan tayyorlangan BFQlar, essensiyalar va ekstraktlarni eksport qiluvchi tadbirkorlik subyektlarining eksport uchun sarflangan avtomobil, temir yo‘l va havo transportida tashish xarajatlarining 50 foizigacha qismi Eksportni rag‘batlantirish agentligi tomonidan qoplanadi.

1 sentabrdan boshlab dorixona sotuv zali peshtaxtalarining kamida 10 foiziga dorivor o‘simliklar xomashyosidan tayyorlangan BFQlar va dori vositalarini joylashtirishni dori vositalari va tibbiy buyumlarni chakana realizatsiya qilishning litsenziya talablari va shartlariga kiritish choralari ko‘riladi.

Qishloq xo‘jaligini davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasining 100 milliard so‘m mablag‘lari hisobidan tijorat banklari orqali:

  • fermer, dehqon xo‘jaliklari va boshqa mahsulot yetishtiruvchilarga — dorivor o‘simliklarni yetishtirish uchun yillik 14 foiz (shundan 2 foizi bank marjasi) stavkada 6 oylik imtiyozli davr bilan 12 oy muddatga kreditlar ajratiladi;
  • dorivor o‘simliklarni qayta ishlovchi, saqlovchi va eksport qiluvchilarga — yetishtirilgan mahsulotni xarid qilishga talab etiladigan aylanma mablag‘larni to‘ldirish uchun yillik 14 foiz (shundan 2 foizi bank marjasi) stavkada 12 oylik «revolver» kreditlar ajratiladi. Bunda ushbu kredit hisobidan klaster va kooperatsiyalarning tijorat banklaridan olingan boshqa kreditlarini so‘ndirishga yo‘l qo‘yilmaydi.

Dorivor o‘simliklarni chuqur qayta ishlashni moliyalashtirish uchun Jahon bankining «Qishloq xo‘jaligini modernizatsiya qilish», «Farg‘ona vodiysida qishloq tadbirkorligini rivojlantirish» loyihalari va Qishloq xo‘jaligini rivojlantirish xalqaro jamg‘armasining «Qishloq xo‘jaligini diversifikatsiya va modernizatsiya qilish» loyihasi doirasida 20 million AQSh dollari miqdoridagi mablag‘larni tijorat banklariga ajratish choralari ko‘riladi.

Bunda ushbu mablag‘lar milliy valyutada yillik 14 foiz stavkada tijorat banklariga resurs sifatida joylashtiriladi. Tijorat banklari 5 yillik imtiyozli davr bilan 10 yil muddatga yillik 17 foiz stavkada (shundan 3 foizi bank marjasi) tijorat krediti ajratadi.

Aholi tomonidan yovvoyi dorivor o‘simliklarni noqonuniy yig‘ish (brakonerlik) keyinchalik qayta ishlash yoki qayta ishlashga topshirish hududlarda katta muammo hisoblanadi. Nazoratsiz, noqonuniy yig‘im-terim bioxilma-xillikka katta zarar yetkazadi, noyob va yo‘qolib borayotgan o‘simliklarning yo‘qotilishiga, tog‘ oldi va tog‘ yerlarining yashil qoplamining nobud bo‘lishiga olib keladi. Tabiiy resurslarning bunday talon-taroj qilinishi tuproq degradatsiyasiga va milliy miqyosda katta iqtisodiy yo‘qotishlarga sabab bo‘ladi.

Prezident farmonida Oliy Majlis palatalariga dorivor o‘simliklarni tabiiy muhitdan terib olishga kvota ajratish va uning shartlariga qat’iy rioya qilinishi ustidan parlament va jamoatchilik nazoratini o‘rnatish tavsiya etilgan.