Ijtimoiy tarmoqlarda Farg‘ona viloyatidagi «Nurli obod» fermer xo‘jaligi rahbari, O‘zbekiston qahramoni Lola Murotovaning vafot etgani haqida xabarlar tarqaldi.

Farg‘ona viloyati hokimligi matbuot kotibi Dilmurod Jumaboyev «Gazeta.uz»ga bu xabarlar asossiz ekanini ma’lum qildi.

«Lola Murotova hozirda sog‘lig‘idagi muammolar sababli viloyat shoshilinch tibbiy yordam markazida davolanmoqda. Uning ahvoli stabil og‘ir holatda», — deya aniqlashtirdi Dilmurod Jumaboyev.

12 may kuni Shavkat Mirziyoyev topshirig‘i bilan Oltiariq tumanidagi «Nurli obod» fermer xo‘jaligi rahbari Lola Murotovaning holidan xabar olish maqsadida bosh vazir o‘rinbosari Shuhrat G‘aniyev, sog‘liqni saqlash vaziri Behzod Musayev, Prezident maslahatchisi o‘rinbosari Abdurashid Jurabayev va Sherzod Assadov borgandi.

O‘shanda Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazi bosh direktori, Respublika ixtisoslashtirilgan tibbiyot markazlari rahbarlari va boshqalardan konsilium boshchiligida tajribali shifokorlar tomonidan kerakli muolajalar olib borilayotgani aytilgandi.