Joriy yilning 1-choragida Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi tizimidagi 73 ta muassasa, jumladan, 27 ta kasbiy ta’lim hamda 43 ta OTMda «Davlat auditi» dasturi doirasida profilaktika tadbirlari o‘tkazildi. Bu haqda AOKAda bo‘lib o‘tgan brifingda vazirlik Ichki audit xizmati boshlig‘i Salohiddin Toshmatov ma’lum qildi.

Natijada jami 11,4 mlrd so‘mlik moliyaviy xato va kamchiliklarga yo‘l qo‘yilganlik holatlari aniqlandi. Shundan 10,1 mlrd so‘mlik maqsadsiz va ortiqcha xarajatlarning oldi olindi, 1,6 mlrd so‘mlik qismi profilaktik tadbirlar jarayonida undirilib tiklandi, deyiladi xabarda.

Muassasalarda o‘tkazilgan inventarizatsiya jarayonida balansda aks ettirilmagan 8,7 mlrd so‘mlik moddiy boyliklarni tashkilot balansiga kirimga olinishi ta’minlandi. 912,2 mln so‘mlik ortiqcha to‘langan ish haqi va boshqa turdagi hisob-kitoblar keyingi oylarda hisob-kitob qilish uchun undiruvga qaratildi.

Bundan tashqari, profilaktika tadbirlarini o‘tkazish jarayonida 3 ta tashkilotda aniqlangan 259 mln so‘mlik xato va kamchiliklarda jinoyat alomatlari mavjudligi sababli rasmiylashtirilgan hujjatlar qonuniy chora ko‘rish uchun huquqni muhofaza etuvchi organlarga yuborildi.

Moliyaviy kamchiliklarga yo‘l qo‘yilgan tashkilotlardagi rahbar va mas’ul xodimlarning 4 nafari lavozimidan ozod etildi. 31 nafariga nisbatan intizomiy, 1 nafariga nisbatan esa jarima jazo turlari qo‘llanildi.