DXXning Sirdaryo viloyat boshqarmasi, bojxona hamda IIB xodimlari hamkorligida o‘tkazilgan tezkor tadbirda Guliston shahrida ikkita mayning ferma noqonuniy faoliyat yuritayotganini. Bu haqda DXX matbuot xizmati xabar bermoqda.

Guliston shahrida yashovchi 1981 yilda tug‘ilgan muqaddam sudlangan shaxs viloyat markazidagi noturar binolardan birini ijaraga olib, yashirin ravishda elektr tarmog‘iga ulangan holda mayning qurilmalaridan foydalanib kelgani aytilmoqda. Buning ortidan davlatga qariyb 532 mln so‘m zarar yetkazgan, deyiladi xabarda.

Tekshiruv davomida uning 19 dona mayning qurilmasi hamda boshqa buyumlar ashyoviy dalil sifatida rasmiylashtirilib olingan.

Yana bir holatda esa Toshkent shahrida yashovchi 1990 yilda tug‘ilgan fuqaro Guliston shahridagi o‘zining otasiga tegishli bo‘lgan MCHJ binosida mayning qurilmalarini o‘rnatgan. U fevral oyidan buyon 40 ming AQSh dollariga teng kriptovalyuta ishlab chiqargani aytilmoqda.

U mayning sohasida faoliyati uchun foydalaniladigan elektr energiyasi uchun to‘lovlarni belgilangan tarifga nisbatan 3 barobar o‘suvchi koeffitsiyentga muvofiq to‘lamasdan, foydalanib, davlatga 134 mln so‘mdan ortiq zarar yetkazgan. Uning 148 dona mayning qurilmasi protsessual tartibda rasmiylashtirilib olindi.

Endilikda har ikki qonunbuzar harakatiga nisbatan huquqiy baho beriladi, deyiladi xabarda.

Bu birinchisi emas. 2021 yilning avgustida huquqni muhofaza qilish organlari Sirdaryo viloyatida kripto-aktiv qurilmalaridan noqonuniy foydalanish holatini aniqlagandi. Koreya va O‘zbekiston fuqarolari bo‘lgan 3 nafar gumondor 9,2 mlrd so‘mlik 3529 dona kompyuter qurilmasidan va 265,2 mln so‘mlik elektr energiyadan qonunga zid ravishda foydalangani aytilgandi.

2022 yilning mart oyida DXX Boyovut tumanida xorijiy korxona va mahalliy MJCH birgalikda quyon yetishtirish niqobi ostida noqonuniy mayning ferma tashkil etganini aniqlagandi. Buning oqibatida fermada 2020 yilning avgustidan beri 7,7 mln dollarga teng kriptovalyuta ishlab chiqarilgani, qolaversa, katta hajmdagi elektr energiyasi uchun past narxda to‘lov qilish orqali davlat manfaatiga juda ko‘p miqdorda zarar yetkazgani aytilgandi.