Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati, O‘zLiDeP fraksiyasi a’zosi Rasul Kusherbayev «O‘zkomnazorat» davlat inspeksiyasi rahbariga Twitter`ning bloklanishi masalasida asoslantirilgan tushuntirish berish va cheklovni olib tashlash choralarini ko‘rish masalasidagi talab bilan deputatlik so‘rovi yubordi.

«Fikrimcha, bu kabi cheklovlar ijobiy natijadan ko‘ra, ko‘proq salbiy oqibat keltirib chiqarmoqda. Chunki foydalanuvchilar Internetdagi «blok"larni aylanib o‘tish maqsadida turli VPN dasturlaridan foydalanish ortidan boshqa xavfli va ta’qiqlangan manbalardan ham foydalanishga o‘tib, kattaroq huquqbuzarliklarga yo‘l qo‘yishmoqda», — deb yozadi u.

Qonunchilikka muvofiq, tashkilot 10 kun ichida javob berilishi kerak.


Yaqin Twitter`da o‘z sahifasini ochgan deputat payshanba kuni ijtimoiy tarmoq qachon blokdan chiqarilishi mumkinligini so‘rab, post qoldirdi. Bir qancha foydalanuvchilar unga aynan deputatlar ijtimoiy tarmoqlar faoliyatini bloklashni nazarda tutuvchi qonunni qabul qilganini eslatib qo‘yishdi. Boshqalar esa deputatlik so‘rovi yuborishni maslahat berishdi. Foydalanuvchilarning bir qismi esa Twitter «saylovdan bir oy oldin» yoki «futbol bo‘yichaO‘zbekiston terma jamoasi jahon chempionatiga chiqsagina» blokdan chiqarishi mumkinligi haqida hazl qilishdi.

Ijtimoiy tarmoqlar bloklanishi

«O‘zkomnazorat» o‘tgan yili yoz oylarida — «fuqarolarning shaxsga doir ma’lumotlariga ishlov berishning qonuniy talablari» buzilganligi uchun Twitter, shu bilan birga, TikTok, «VKontakte», WeChat va Skype messenjeriga cheklov o‘rnatgandi. Qonunga ko‘ra, xorijiy kompaniyalar mamlakat ichkarisida O‘zbekiston fuqarolarining shaxsiy ma’lumotlarini qayta ishlaydigan serverlarni joylashtirishi kerak. Buni nazarda tutuvchi o‘zgartishlar haqidagi qonunni 2021 yil boshida prezident imzolagandi, ungacha esa Qonunchilik palatasi va Senat tomonidan ma’qullangan. U o‘tgan yil aprel oyi o‘rtalarida kuchga kirgandi.

Skype`dan tashqari yuqorida qayd etilgan resurslar qonunbuzarlar reyestrida qolmoqda. Shunga qaramasdan, o‘zbekistonliklarning ma’lumotlarini qayta ishlovchi boshqa ko‘plab tarmoqlar uchun cheklovlar qo‘llanilmagan. Noyabr oyi boshida Telegram, Facebook, «Odnoklassniki», YouTube va boshqa saytlar ham qoidabuzarlar reyestriga kiritildi. Bu jamoatchilikning noroziligiga sabab bo‘ldi va bir necha soatdan keyin kirish tiklandi. «O‘zkomnazorat» rahbari lavozimidan ozod etildi, biroz vaqt o‘tgach, AKT vazirligi rahbari va bosh vazirning IT bo‘yicha maslahatchisi o‘z lavozimlarini tark etdi. Bugungi kunga qadar TikTok, Twitter, «VKontakte», WeChat va Skype`ga kirish cheklanganligicha qolayotgandi.

Ta’kidlash joiz, O‘zbekistonda Twitter faoliyati rasman cheklanganiga qaramasdan, davlat organlari va rasmiy shaxslar, jumladan Senat rahbari Tanzila Narbayeva hamda prezident matbuot xizmati mazkur ijtimoiy tarmoqda postlar e’lon qilishda davom etmoqda.

2022 yilning mart oyi o‘rtalariga ketib, O‘zbekistonda Twitter, TikTok va «VKontakte» ijtimoiy tarmoqlari erkin ochilishni boshladi. Shu bilan birga, ular kirish cheklangan ijtimoiy tarmoqlar ro‘yxatidan chiqarilmagan. O‘shanda ham oradan sal vaqt o‘tib, tarmoqqa kirish qiyinlasha boshladi.