75-xalqaro Kann kinofestivalida O‘zbekiston Milliy paviloni uchinchi bor ishtirok etmoqda, deb xabar berdi Uzbekistan’s club mediaplatformasi. Marché Du Film’da ochilgan pavilon 22 mayga qadar faoliyat ko‘rsatadi.

«Ushbu maydon yangi loyihalar bilan tanishish va hamkorlik istiqbollarini muhokama qilish, respublikamizda filmlar va media mahsulotlarni suratga olishda butun dunyodan prodyuser va rejissyorlarni jalb qilish imkonini beradi. O‘zbekiston betakror tarixiy obidalari, o‘ziga xos tarixi va madaniyatiga ega mamlakat sifatida kino san’ati vakillarida qiziqish uyg‘otishi mumkin» , — deyiladi xabarda.


O‘zbekistonning Fransiyadagi elchisi Sardor Rustambayev (o‘ngda).

Joriy yilda O‘zbekiston media mahsulotlar suratga olishni xohlovchi kinokompaniyalar va telekanallar xarajatlarining bir qismini qoplaydi. Turizm va madaniy meros vazirligi hujjatli filmlar va teledasturlar suratga olish ishlariga homiylik qilishga tayyor.

«Jarayon shunday: Prodyuserlar va rejissyorlar bizga g‘oya yuborishadi. Agar u bizga yoqsa, Turizm va madaniy meros vazirligi suratga olish guruhining aviachiptalarini, turar joy va mamlakat ichidagi transport harajatlarini qoplashga tayyor», — deyiladi klub xabarida.

Kelib chiqishi Erondan bo‘lgan kanadalik rejissyor Mustafa Keshvari O‘zbekiston maydonchasiga tashrif buyurib, mamlakatda film suratga olish imkoniyatlarini muhokama qildi. Uning «Child Bride» qisqa metrajli filmi 2019 yilda Kann kinofestivalida namoyish etilgan. Keshvarining filmlari bir necha bor nufuzli kinomukofotlarga munosib ko‘rilgan.

Mustafo Keshvari so‘nggi olti oydan buyon Umar Xayyom haqidagi film ustida ishlamoqda. O‘zbekiston milliy pavilonida xorijlik rejissyor va O‘zbekiston Milliy PR markazi bilan o‘tkazilgan muzokaralar natijasida uning joriy yil iyul oyida Buxoro va Qoraqalpog‘istonga lokatsiya tanlash masalasida tashrif buyurishi haqida kelishuvga erishildi. Suratga olish ishlarini 2022 yilning sentabrida boshlash rejalashtirilgan.