Moliya vazirligi 2022−2030 yillarda aholini ijtimoiy himoya qilish milliy strategiyasi qabul qilinishiga oid prezident farmoni loyihasini jamoatchilik muhokamasi uchun e’lon qilindi.

Unga ko‘ra, 2022−2030 yillarda aholini ijtimoiy himoya qilish milliy strategiyasi va uni amalga oshirish bo‘yicha «Yo‘l xaritasini» qabul qilish ko‘zlangan.

Quyidagilar strategiyaning ustuvor yo‘nalishlari etib belgilanadi:

  • davlat ijtimoiy yordam va xizmatlarini ko‘rsatishda har bir fuqaroga individual yondashuvni qo‘llash;
  • ijtimoiy sug‘urta tizimini isloh qilish, jumladan ijtimoiy xatarlar yuzaga kelganda, ushbu huquqqa ega bo‘lgan barcha shaxslarni solidar ravishda ijtimoiy himoya bilan ta’minlash;
  • xavf ostida bo‘lgan oilalar va bolalar, nogironligi bo‘lgan bolalar va shaxslar, zo‘ravonlikdan jabr ko‘rgan ayollar va bolalar hamda qariyalarni qo‘llab-quvvatlash maqsadida ijtimoiy xizmatlar ko‘lamini takomillashtirish va boshqalar.

Fuqarolarning kutilmagan holatlarda — vaqtinchalik mehnatga layoqatsizlik, baxtsiz hodisa, ish o‘rinlarining qisqarishi va boshqa holatlarda daromadsiz qolishdan himoya qilish maqsadida Ijtimoiy sug‘urta jamg‘armasi tashkil etiladi.

Jamg‘arma mablag‘lari hisobidan:

  • birinchi bosqichda, 2022 yil 1 sentabrdan boshlab budjet tashkilotlaridan tashqari barcha yuridik shaxslarda oxirgi 6 oy davomida uzluksiz ish stajiga ega bo‘lgan ayollarga har oy uchun minimal iste’mol xarajatlari miqdoridan kelib chiqqan holda Davlat budjeti mablag‘lari hisobidan homiladorlik va tug‘ish nafaqasi to‘lanadi. Bunda, ishlovchi ayollarga homiladorlik va tug‘ish nafaqasining uning mehnat staji va ish haqidan kelib chiqib belgilangan miqdorining qolgan qismini to‘lash ish beruvchilar hisobidan amalga oshiriladi;
  • ikkinchi bosqichda, 2024 yildan boshlab xo‘jalik korxonalarida rasmiy ishlovchi ayollarga umumiy ish staji va sug‘urtalangan staji hamda o‘rtacha ish haqi miqdoridan kelib chiqib, homiladorlik va tug‘ish nafaqasini to‘lash va bu orqali ushbu xarajatlar ish beruvchi zimmasidan to‘liq olinadi;
  • uchinchi bosqichda, 2025−2030 yillarda vaqtincha mehnatga qobiliyatsizlik nafaqasi, ishsiz qolish nafaqasi, ishlab chiqarishdagi baxtsiz hodisalar va kasb kasalliklari oqibatidagi sug‘urta to‘lovlari amalga oshiriladi.

2022 yil 1 avgustdan boshlab, budjetdan tashqari Moliya vazirligi huzurida yuridik shaxs maqomiga ega bo‘lmagan 5 ta shtat birligidan iborat Ijtimoiy sug‘urta jamg‘armasi (Jamg‘arma) tashkil etiladi.

Rasmiy ishlovchi xodimlarda ijtimoiy sug‘urta xodisalari yuzaga kelganda qonunchilikda belgilangan tartibda kafolatlangan to‘lovlarni amalga oshirilishini ta’minlash Jamg‘armaning asosiy vazifalaridan biri bo‘ladi.

Eslatma: mazkur prezident farmoni hali loyiha bo‘lib, u jamoatchilik muhokamasi bosqichida. Takliflar esa 3 iyunga qadar qabul qilinadi.

Avvalroq, 2022 yilning aprel oyi oxirlarida prezident 1 sentabrdan boshlab homiladorlik nafaqasi to‘lovlarining bir qismini davlat budjeti hisobidan to‘lash tartibi joriy etilishini ma’lum qilgandi. Buning uchun Ijtimoiy sug‘urta jamg‘armasi tashkil etilib, unga joriy yilda budjetdan 170 mlrd so‘m ajratilishi belgilandi.