Shavkat Mirziyoyev 19 may kuni geologiya sohasini yanada rivojlantirish, foydali ma’danlar va yerosti suvi zaxiralarini kengaytirishga qaratilgan loyihalar taqdimoti bilan tanishdi. Bu haqda davlat rahbari matbuot xizmati xabar berdi.

Prezidentga umumiy qiymati 182 mln dollarlik 14 ta loyiha tayyorlanayotgani haqida ma’lumot berildi. Shavkat Mirziyoyev so‘nggi yillarda geologiya-qidiruv ishlari ko‘lami ortganini ta’kidlab, soha oldiga yanada yuksak maqsadlarni qo‘yish, qimmatbaho va nodir metallar qazib olishni ko‘paytirishga chaqirdi. U 2022−2026 yillarda geologiya-qidiruv ishlarini amalga oshirish bo‘yicha alohida dastur ishlab chiqish vazifasini qo‘ydi.

Dasturda 8 ta yangi kon va 18 ta istiqbolli maydonlarni o‘zlashtirish, zamonaviy xorijiy burg‘ulash uskunalarini qo‘llash va raqamli geologik modelni yaratish hisobiga uran zaxiralarini ko‘paytirish ko‘zda tutilishi kerak. Keyingi yillarda 27 ta yangi uran konlari topildi.

Shavkat Mirziyoyev uran zaxiralarini xalqaro standartlar asosida baholash, shuningdek, eng yangi texnologiyalar asosida rudadan uran olish samaradorligini oshirish muhimligini ta’kidladi. Shuningdek, «Navoiyuran» davlat korxonasini o‘zgartirish, xorijlik mutaxassislarni jalb etish va texnologik jarayonlarni takomillashtirish bo‘yicha ko‘rsatmalar berdi.

Ma’lum qilinishicha, O‘zbekiston Tiklanish va taraqqiyot jamg‘armasi huzurida istiqbolli konlarni o‘zlashtirish uchun ustav kapitali 15 mln dollar bo‘lgan «Yangi Kon» loyiha ofisini tashkil etish rejalashtirilmoqda. Tuzilma litiy, alyuminiy, magniy, grafit va boshqa noyob metallarni qazib olish bo‘yicha investitsiya loyihalarini amalga oshirish bilan shug‘ullanadi.

Davlat rahbari jahon bozorida uran narxi barqaror o‘sib borayotgani, yangi loyihalarda bu xomashyoni qayta ishlash va qo‘shilgan qiymat yaratishga alohida e’tibor qaratish kerakligini ta’kidladi.

Malakali kadrlarga bo‘lgan talabni qondirish maqsadida Zarafshon, Angren va G‘uzor texnikumlarida geologiya yo‘nalishlarini kengaytirish topshirildi. Avvalroq Geologiya fanlari universiteti tashkil etilib, Navoiy konchilik institutiga universitet maqomi berilgan edi. Bundan tashqari, Piza universiteti va Sankt-Peterburg konchilik universiteti bilan qo‘shma dasturlar yo‘lga qo‘yilgan. Biroq, bu choralar hali ham etarli emas. Birgina Davlat geologiya va mineral resurslar qo‘mitasi tizimida yiliga 300 dan ortiq o‘rta bo‘g‘in mutaxassisi talab qilinadi, deyildi yig‘ilishda.

Taqdimotda, shuningdek, so‘nggi yillarda O‘zbekistonning 13 ta tumanida yer osti suvlari sathi 5 metrga, 9 tumanda esa 20 metrgacha pasaygani aytildi. Mas’ul tashkilotlarga yerosti suvlari zaxiralarini ko‘paytirish va ulardan oqilona foydalanishni tashkil etish bo‘yicha topshiriqlar berildi.