O‘zbekiston Konstitutsiyasiga o‘zgartirish kiritish va tashkiliy chora-tadbirlarni amalga oshirish yuzasidan Konstitutsiyaviy komissiya tuzildi. 20 may kuni Oliy Majlis Senati Kengashi va Qonunchilik palatasi Kengashining qo‘shma majlisida komissiyaning tarkibi va vazifalari belgilab berildi, deb xabar qildi Daryo.

Konstitutsiyaviy komissiya raisligiga Oliy Majlis Qonunchilik palatasi spikerining birinchi o‘rinbosari, Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Milliy markazining direktori Akmal Saidov nomzodi tasdiqlandi. U amaldagi (1992 yil 8 dekabrda qabul qilingan) Konstitutsiyani ishlab chiqish bo‘yicha (birinchi prezident Islom Karimov raislik qilgan) komissiya tarkibida bo‘lgan.

Komissiya raisi o‘rinbosarlari etib quyidagilar tasdiqlandi:

  • O‘zLiDeP fraksiyasi rahbari Aktam Xaitov;
  • «Milliy tiklanish» fraksiyasi rahbari Alisher Qodirov;
  • Qoraqalpog‘iston Jo‘qori Kengesi raisi Murat Kamalov;
  • Senatning Mudofaa va xavfsizlik masalalari qo‘mitasi raisi Qutbiddin Burxonov.

Komissiya tarkibiga shuningdek, deputatlar, senatorlar, O‘zbekistonning barcha hududlaridan vakillar, fuqarolik jamiyati institutlari, huquqshunoslar, siyosatshunoslar va boshqa mutaxassislar kiritildi.

Ma’lum qilinishicha, Konstitutsiyaviy komissiya o‘z faoliyatini «jamiyat — islohotlar tashabbuskori» degan g‘oya asosida olib boradi. Komissiyaga aholining barcha qatlamlaridan Konstitutsiyaga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish bo‘yicha takliflarni olish borasida vazifalar qo‘yildi.

Konstitutsiyaviy islohotlar jarayoni haqida O‘zLiDeP va «Milliy tiklanish» partiyalari ma’lum qilgandi. Asosiy qonunni isloh qilish zarurati haqida esa birinchi bo‘lib prezident o‘zining inauguratsiya nutqida aytib. bu mamlakat aholisidan kelib tushgan taklif ekanligini ta’kidlagandi. Konstitutsiyaning 29 yilligiga bag‘ishlangan nutqida esa davlat rahbari Bosh qomusga kiritilishi lozim bo‘lgan 9 ta yo‘nalishni belgilab bergandi. U o‘zgartirishlarni Konstitutsiyaning 30 yilligi arafasida — 2022 yil 8 dekabrga qadar kiritishni taklif qilgandi.

O‘tgan yilning dekabrida Akmal Saidov konstitutsiyaviy islohotlar zaruriyati haqidagi maqolani e’lon qilgandi. Ushbu islohot «yaxshi boshqaruvni „targ‘ib qilish uchun muhim vosita“ bo‘lib, „hukumat bg‘inlari o‘rtasida nazorat va muvozanat tizimini mustahkamlash, katta hisobdorlik, shaffoflik, ishtirok etish va bashorat qilishga“ hissa qo‘shishi mumkin»

«Gazeta.uz» shuningdek, kolumnist Komil Jalilovning hokimiyat tarmoqlari o‘rtasida o‘zaro tiyib turish va muvozanatni saqlashning demokratik tizimini barpo etish, shu orqali jamiyat va davlatni korrupsiyadan xalos etish uchun poydevor yaratish maqsadida Asosiy qonunga qanday o‘zgartirishlar kiritish zarurligi haqidagi kolonkasini chop etgandi.

Bundan tashqari, 2022 yil 18 mart kuni prezident tibbiyot xodimlari bilan uchrashuvda tibbiy sug‘urta shakllarini rivojlantirish, ekologiya oqibatida fuqarolar sog‘lig‘iga yetkazilgan zararni qoplab berish majburiyatini davlat zimmasiga yuklash, tibbiyot xodimlarining yuksak maqomini ta’minlash uchun Konstutitsiyaga o‘zgartirishlar kiritishni taklif qilgandi.

Ma’lumot o‘rnida, O‘zbekiston Konstitutsiyasi 1992 yil 8 dekabrda qabul qilinganidan buyon unga 16 marta o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritilgan.