Jahon meteorologiya tashkilotining (WMO) mutaxassislari Yerdagi iqlim holatini yangi hisobotda baholab chiqdi. 2021 yilda o‘rtacha global harorat sanoatdan oldingi (1850−1900 yillar) darajasidan taxminan 1,11 (± 0,13) darajaga yuqori bo‘ldi va so‘nggi yetti yil ichida Yerdagi eng iliq yil sifatida qayd etildi.

BMT bosh kotibi Antoniu Guterrish global miqyosda qayta tiklanadigan energiya manbalariga kechiktirmasdan o‘tish rejasini taklif qildi. Avvalroq, u Glazgodagi iqlim konferensiyasida davlat va kompaniyalar rahbarlari tomonidan issiqxona chiqindilarini kamaytirish bo‘yicha va’dalarni bajarishdagi sustgashligini tanqid qilib, xususiy sektorda ko‘mir ishlab chiqarish va undan foydalanishni moliyalashtirayotganlarni javobgarlikka tortishga chaqirgandi.

«Global energetika tizimi funksional emas va bizni tobora iqlim falokatiga olib kelmoqda», — dedi BMT rahbari. Uning ta’kidlashicha, qazib olinadigan yoqilg‘iga tayanish ham ekologik, ham iqtisodiy nuqtai nazardan boshi berk ko‘chadir.

Antoniu Guterrish zudlik bilan energiya tizimlarini o‘zgartirish bilan shug‘ullanish, xususan, shamol va quyosh energiyasi qurilmalariga o‘tishga chaqirdi. Global Electricity Review ma’lumotlariga ko‘ra, 2021 yilda tarixda birinchi marta quyosh va shamol energiyasi global elektr energiya ishlab chiqarishning 10 foizini tashkil etdi.

Bugungi kunda ko‘p hollarda qayta tiklanadigan energiya qurilmalaridan foydalanish ko‘mir va boshqa qazilma yoqilg‘ilaridan foydalanishga qaraganda arzonroqdir. So‘nggi o‘n yil ichida shamol energiyasining narxi yarmidan ko‘proqqa arzonlashdi. Quyosh energiyasi va quyosh panellarining qiymati 85 foizgacha tushdi, dedi BMT rahbari. Qayta tiklanadigan energetikaga yo‘naltirilgan investitsiyalar yoqilg‘i energiyasiga yo‘naltirilgan investitsiyalardan — uch baravar ko‘proq ish o‘rinlarini yaratmoqda, dedi u.

BMT bosh kotibi qayta tiklanadigan energiyaga o‘tishni tezlashtirish uchun beshta muhim choralarni taklif qildi, jumladan:

  • qayta tiklanadigan energiya texnologiyalariga muhim global jamoat manfaati sifatida munosabatda bo‘lish, bilim va texnologiyalarni almashish yo‘lidagi to‘siqlarni bartaraf etish;
  • qayta tiklanuvchi energiyani ishlab chiqarish va yetkazib berish texnologiyalaridan foydalanish imkoniyatlarini kengaytirish;
  • ulardan foydalanish uchun sharoit yaratish;
  • qayta tiklanuvchi energiya manbalariga xususiy va davlat investitsiyalarini uch baravar oshirish;
  • qazib olinadigan yoqilg‘i uchun subsidiyalarni tugatish, bu daqiqasiga taxminan 11 million dollarni tashkil etadi.

«Bugungi WMO hisobotidan ma’lum bo‘lishicha, juda kech bo‘lmasidan qayta tiklanadigan energiya manbalariga o‘tishni tezlashtirish vaqti keldi», — deya ta’kidladi BMT bosh kotibi.

WMO Iqlim holati sharhi iqlim o‘zgarishini to‘rtta asosiy ko‘rsatkich bo‘yicha tahlil qiladi — issiqxona gazlari konsentratsiyasi, dengiz sathining ko‘tarilishi, okeandagi issiqlik miqdori va okeanning kislotalanishi.

2021 yilda barcha to‘rtta ko‘rsatkich yangi rekordlarni o‘rnatdi. Masalan, 2013 yildan 2021 yilgacha bo‘lgan davrda global dengiz sathi yiliga o‘rtacha 4,5 mmga ko‘tarilganidan keyin yangi eng yuqori darajaga yetdi. Arktika va Antarktida muz qatlamlaridan muz massasining tez yo‘qolishi okeanning oldinga siljishiga olib keldi. Yuz millionlab qirg‘oq aholisi og‘ir oqibatlarni boshdan kechirmoqda — okean suvlari odamlarning uylariga kirib bormoqda, qirg‘oq bo‘yidagi shaharlar suv ostida qolmoqda.

Mutaxassislarning fikricha, bu ma’lumotlarning barchasi inson faoliyati sayyoraviy ko‘lamda quruqlikda, okeanda va atmosferadagi o‘zgarishlarni keltirib chiqarayotganini, bu esa uzoq muddatli salbiy oqibatlarga olib kelishini tasdiqlaydi.

«Inson tomonidan ishlab chiqarilgan issiqxona gazlari saqlaydigan issiqlik keyingi avlodlar hayoti davomida sayyoramizni isitadi», — dedi WMO bosh kotibi Petteri Taalas. Uning so‘zlariga ko‘ra, atmosferadan uglerodni olib tashlash uchun vositalar o‘ylab topilmasa, dengiz sathining ko‘tarilishi, okeanning isishi va kislotalanish jarayoni yuzlab yillar mobaynida davom etadi.

«Ba’zi muzliklarning erishi orqaga qaytmaydigan darajaga yetdi va bu 2 milliarddan ortiq odam allaqachon suv tanqisligini boshdan kechirayotgan dunyoda uzoq muddatli oqibatlarga olib keladi», — deya ogohlantirdi u.

Ekstremal ob-havo holati — iqlim o‘zgarishining kundalik «yuzi» dir

BMTning qayd etishicha, anomal ob-havo sharoiti allaqachon yuzlab milliard dollarlik iqtisodiy yo‘qotishlarga olib keldi, odamlarning hayoti va farovonligiga jiddiy zarar yetkazdi va oziq-ovqat hamda suv xavfsizligi sohasidagi muammolarga aylanib ketdi. Ular aholining ommaviy ko‘chirilishiga olib keldi.

Sayyoramizni misli ko‘rilmagan jazirama to‘lqinlar qamrab oldi: o‘tgan yilning 9 iyulida Kaliforniyadagi O‘lim vodiysida harorat 54,4 darajaga yetdi, bu 2020 yilda dunyoda kamida 1930 yillardan beri qayd etilgan eng yuqori ko‘rsatkichga teng. Harorat rekordi Sitsiliyadagi Sirakuzada ham qayd etilgan — 48,8 daraja.

Kanadaning Britaniya Kolumbiyasi provinsiyasida 2021 yil 29 iyun kuni havo harorati 49,6 darajaga yetdi va vayron qiluvchi o‘rmon yong‘inlarini keltirib chiqardi, bu esa o‘z navbatida noyabr oyidagi suv toshqini oqibatlarini yanada kuchaytirdi. O‘zgidromet yaqinda O‘zbekistonda anomal issiq va quruq kunlar soni ortishi haqidagi ma’lumotlarni e’lon qilgandi.

Dunyoning ko‘plab mintaqalari, jumladan Afrika shoxi, Kanada, AQShning g‘arbiy qismi, Eron, Afg‘oniston, Pokiston va Turkiya qurg‘oqchilikdan aziyat chekmoqda. Bu daryolarning qurib ketishiga, chorva mollarining ommaviy nobud bo‘lishiga, odamlarning ekinlardan mahrum bo‘lishiga, yerlarning degradatsiyasiga, unumdorligini yo‘qotishiga olib keladi. Ko‘p yillardan buyon hal etilmagan dunyo ochlik muammosi iqlim o‘zgarishi bilan chambarchas bog‘liq.