Bosh vazir o‘rinbosari, turizm va madaniy meros vaziri Aziz Abduhakimov SHHT mamlakatlari doirasida ichki turizmni rivojlantirish uchun — «Yagona turistik brend» yaratilishi kerakligini ta’kidladi. Bu haqda u 19 may kuni Toshkentda o‘tkazilgan SHHT mamlakatlari sayyohlik ma’muriyatlari rahbarlarining uchrashuvida aytib o‘tdi, deb xabar qildi «Gazeta.uz» muxbiri.

O‘zbekiston tomonidan ilgari surilgan mazkur taklif ortidan yirik platforma yaratiladi. Uning doirasida O‘zbekiston va boshqa davlatlarda mavjud bo‘lgan turistik yo‘nalishlarni ko‘paytirishga targ‘ib qilinadi.

«Turistik kompaniyalar va tashkilotlar bundan foydalanib, «turistik oqim»ni ko‘paytirishga erishadi. Bundan tashqari, SHHT davlatlari rahbarlari Samarqandda 15−22 sentabr kuni o‘tadigan sammitda mazkur bitimni tasdiqlab berishsa, qonuniy asosga ega bo‘lamiz. Ya’ni, SHHT davlatlari doirasida ichki turizmni rivojlantirishda «Yagona turistik brend» ham juda katta imkoniyatlarni yaratadi», — dedi vazir.

Qo‘shimcha qilinishicha, turizm yo‘nalishida oqimni ko‘paytirishni istagan SHHT davlatlariga turistik kompaniyalar hamda sayyohlarga qo‘shimcha ravishda subsidiya va soliq imtiyozlari taqdim etishiga turtki bo‘ladi.

Qolaversa, bosh vazir o‘rinbosari O‘zbekistondagi sayyohlik yo‘nalishlarini rivojlantirishda esa asosiy e’tibor ichki turizmga qaratilayotganini aytdi.

«Bemalol aytish mumkinki, O‘zbekiston yaqin vaqt ichida tez-tez borib turiladigan mamlakatlardan biri bo‘ladi. Buning uchun infrastruktura kerak. Bizda barcha imkoniyatlar mavjud. Lekin eng muhimi, albatta, transport logistikasini takomillashtirish ustida juda jiddiy ishlashimiz kerak. Ochig‘ini aytganda, logistika biz uchun zaif nuqta, reyslar soni, ularning diversifikatsiyasi, nafaqat O‘zbekistonga kelish nuqtai nazaridan qulayligi, balki O‘zbekistonni transport va turizm markaziga aylantirish juda katta ish», — dedi vazir.

O‘zbekiston Jahon turizm tashkiloti (UNWTO)da Saudiya Arabistoni qatorida pandemiyaga qaramay turizmga sarmoya kiritgan ilk ikki davlatlar qatoridan joy olgani ham e’tirof etildi. Qolaversa, mamlakat hozirda turizm eng jadal rivojlanayotgan beshta davlat qatoriga ham kirishi aytildi.

Aziz Abduhakimovning so‘zlariga ko‘ra, dunyo aholisining 44 foizi SHHT davlatlarida yashaydi. Dunyoning 25 foizdan ortiq turistik oqimi aynan shu davlatlar hisobiga to‘g‘ri keladi.

Vazir agarda shu davlatlar doirasida turistik oqim ko‘paytirilsa, yangi ish joylari va yangi daromad manbaini shakllantirishga yordam berishiga, shuningdek, soliq tushumlarini ko‘paytirishga erishilishiga ishontirdi.

Tadbir davomida keltirilgan ma’lumotlarga ko‘ra, prezidentning tegishli farmoni bilan 1 iyuldan sayyohlik qishloqlarida mehmon uylari, oziq-ovqat va savdo shoxobchalari, ko‘ngilochar maskanlar ochgan tadbirkorlar 3 yil muddatga 1 foiz stavkada aylanma soliq, 1 foiz miqdorda yer va suv solig‘i shuningdek, hisoblangan daromadning atigi 1 foizini to‘laydi.

Shuningdek, Oilaviy tadbirkorlik dasturlari doirasida mehmon uylari, uy va eko-uylar, chodir shaharchalari barpo etish uchun kreditlar ajratiladi. 31 ta tuman va shahar hududidan o‘tuvchi O‘zbekiston turistik avtomobil yo‘li bo‘ylab avtoturargoh, kemping, avtoservis, umumiy ovqatlanish va yoqilg‘i quyish shoxobchalariga ega karvonsaroylar qurish bo‘yicha chora-tadbirlar belgilandi.

Zarina Doguzova.

Bundan tashqari, O‘zbekistonda 1 sentabrdan boshlab avia, temir yo‘l va avtobus chiptalari narxining 15 foizi, mehmonxonada tunab qolish xarajatining 15 foizi, muzeylar va boshqa madaniyat obyektlariga to‘langan chiptalar narxining 50 foizi qaytariladigan keshbek tizimi joriy etilishi aytildi.

Rossiyaning Federal turizm agentligi rahbari Zarina Doguzova yig‘ilishda mazkur keshbek tizimini butun SHHT davlatlari orasida joriy etishni taklif qildi. Aziz Abduhakimov bu jiddiy taklif ekanligini qayd etar ekan, avvalambor hisob-kitoblarga murojaat qilish lozimligi va avvalambor O‘zbekiston, shu jumladan, har bir mamlakat manfaatidan kelib chiqib yakuniy xulosaga kelish zarurligi ta’kidladi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq, Aziz Abduhakimov yig‘ilishda SHHTga a’zo mamlakatlar turizm vazirlariga o‘zaro hamkorlikni jadallashtirish maqsadida doimiy muvofiqlashtiruvchi guruh tuzishni taklif qilgandi.