Tojikiston Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasi xodimi Tog‘li Badaxshon avtonom viloyatida (TBAV) o‘tkazilgan aksilterror operatsiyasi davomida halok bo‘ldi, yana 13 nafar harbiy xizmatchi og‘ir jarohat oldi, deb xabar qildi mamlakat IIV matbuot xizmati.

Vazirlik ma’lumotlariga ko‘ra, «200 kishidan iborat uyushgan jinoiy guruhlar barcha turdagi qurollarni qo‘llagan holda» Rushon tumani markazida uch nuqtada Dushanbe-Xorog‘ avtomagistrali va chegara komendaturasigacha bo‘lgan yo‘lni to‘sib qo‘ygan. Ma’lumotda qayd etilishicha, «jinoiy guruhlar avvaldan bu harakatlarni amalga oshirishga tayyorgarlik ko‘rgan va xuddi shu maqsadda xorijdan qurol-yarog‘ va o‘q-dorilar olib kelgan».

«Fuqarolar xavfsizligi va jamoat tartibini ta’minlash maqsadida mamlakat huquq-tartibot idoralari tomonidan terrorga qarshi tezkor tadbir boshlandi. Natijada 8 nafar jangari zararsizlantirildi, 11 nafari yaralandi, terrorchilik guruhining 70 dan ortiq faol a’zosi qo‘lga olindi», — deyiladi xabarda.

IIV «jinoiy guruh Rushon tumani raisi o‘rinbosari Laylo Chorshanbiyevani to‘sib qo‘yilgan yo‘lni kesib o‘tgani uchun kaltaklagani va unga tan jarohatlari yetkazganini» ta’kidlagan.


Foto: Videodan lavha

Vazirlikning ta’kidlashicha, tinch aholi orasida qurbonlar yo‘q, lekin internetda 11 kishining o‘limi haqida tasdiqlanmagan xabarlar tarqalgan. Ayni paytda hududda vaziyat barqaror, ijtimoiy infratuzilma va jamoat transporti kundalik faoliyatini boshladi, deyiladi xabarda.

«Uyushgan jinoiy guruhlardan katta miqdordagi qurol va o‘q-dorilar, „Molotov kokteyli“ musodara qilindi», — deyiladi xabarda. Guruhning boshqa a’zolari qurollarini topshirib, taslim bo‘lishga chaqirilgan.

Noroziliklar

Tog‘li Badaxshonda 14 may kuni aholi norozilik bildirib, viloyat rahbari Alisher Mirzonabot va Xorug‘ hokimi Rizo Nazarzodaning iste’fosini talab qildi. Shuningdek, ular Xorug‘dagi barcha nazorat-o‘tkazish punktlarini olib tashlash va Badaxshon aholisiga nisbatan ta’qiblarni to‘xtatishni talab qilishgan.

Sudlar faol Amriddin Alovatshoyevni 18 yilga, MMA jangchisi Chorshanbe Chorshanbiyevni 5,5 yilga ozodlikdan mahrum qilganidan keyin TBAVdagi vaziyat yanada murakkablashdi.

Rasmiylar iste’foga chiqish masalasini ko‘rib chiqishdan bosh tortdilar, shundan so‘ng 16 may kuni mahalliy yoshlarning katta guruhi viloyat hokimligi tomon yo‘l oldi. Chinoq shaharchasida ularni huquq-tartibot idoralari xodimlari kutib oldi. Ular rezina o‘qlar va ko‘zdan yosh oqizuvchi gaz ishlatishdi. Bir necha qurbonlar haqida xabar berildi.

17 may kuni Tojikiston IIV norozilik namoyishlari tashkilotchilari ekani taxmin qilinayotganlar — Barxorog‘ kichik tumanining «norasmiy lideri» Mamadbokir Mamadbokirov, qidiruvdagi muxolifat faoli Alim Sherzamonov va mustaqil jurnalist Ulfatxonim Mamadshoyeva ekanini aytdi.

«Joriy yilning 16 may kuni soat 18:30 larda Xorug‘ shahridagi uyushgan jinoiy guruh rahbari Mamadbokirov Mamadbokir boshchiligida va Mamadshoyeva Ulfatxonim Ma’sumovna ko‘rsatmasi bilan va qidiruvda bo‘lgan Alim Sherzamonov Xorug‘ shahridagi Xorog‘i bolo mahallasida jamoat xavfsizligini buzish, aholini qo‘rqitish va qarorlar qabul qilishda davlat hokimiyati va boshqaruvi organlariga ta’sir ko‘rsatish maqsadida, noqonuniy jinoiy faoliyat bilan shug‘ullanayotgan shaxslar manfaatlarini ko‘zlab, noqonuniy miting uyushtirgan», deyiladi xabarda.

Ichki ishlar vazirligining ta’kidlashicha, Mamadbokirovning ko‘rsatmasi bilan Xorug‘ shahrida yashovchi Zamir Nazrishoyev boshchiligidagi «nodon yoshlar» guruhi viloyat sudi binosida o‘z xizmat vazifalarini bajarayotgan «IIVning TBAV xodimlariga qurolli hujum uyushtirgan» va «qo‘l granatasini portlatib yuborgan».

Ma’lumotlarga ko‘ra, natijada IIVning uch nafar xodimi jarohatlangan, Nazrishoyevning o‘zi esa shifoxonada vafot etgan.


Foto: «Fergana».

TBAV prokuraturasi «voqea tashkilotchilari»ga nisbatan jinoiy ish qo‘zg‘atdi. Ulfatxonim Mamadshoyeva «Fergana» nashriga bergan intervyusida ayblovni «mutlaqo bema’nilik» deb atadi.

«Agar men biror narsani tashkil qilganimda, hammadan oldinroq yurgan bo‘lardim. Men shunday odamman. Yaqinda Pomirda edim, lekin Dushanbega kelganimga bir haftadan oshdi, u yerda biror narsa bo‘lishini xayolimga ham keltirmagandim. Aksincha, men u yerda bo‘lganimda fuqarolik faolligi pasayganini sezdim. Hammasi birdaniga sodir bo‘lgan. O‘ylashimcha, bu narsalar Chorshanbe Chorshanbiyevga nisbatan chiqarilgan adolatsiz hukmdan keyin sodir bo‘ldi», — deydi u.

Shu bilan birga, Mamadshoyeva «Kommersant’»ga aksiya haqida xabar tarqatayotganini tan oldi. «Bir hafta oldin men Dushanbega Xorug‘dan kelgandim, mitingdan xabarim yo‘q edi. Men uning tashkilotchilari kimligini ham bilmasdim», dedi u. «Ha, mening veb-saytimda e’lonning reposti bor edi, biz birlashgan xalqmiz va qiyin damlarda doimo bir-birimizni qo‘llab-quvvatlaymiz», — dedi u. Bir hafta oldin, Mamadshoyevaning so‘zlariga ko‘ra, Tog‘li Badaxshonda «xotirjamlik» hukm surgan, biroq «hamma Gulbiddin Ziyebekov ishi bo‘yicha tergov tugashini kutgan».

Shu bilan bir qatorda, internetda Tojikiston Qurolli kuchlari vertolyoti halokatga uchragani haqida ma’lumot paydo bo‘ldi. U Afg‘oniston tomonidan otib tashlanganligi xabar qilingan. Tojikiston Mudofaa vazirligi ushbu xabarni rad etdi.

Ommaviy axborot vositalariga bosimlar haqida xabarlar

Tog‘li Badaxshonda sodir bo‘layotgan voqealar haqida batafsil va ishonchli ma’lumot olishning iloji yo‘qdek. Aytilishicha, mintaqada internet o‘chgan, Tojikistonning eng yirik mustaqil nashri «Aziya-Plyus» esa yopilish tahdidi tufayli namoyishlarni yoritishdan bosh tortayotganini bildirgan.

«Afsuski, biz yopilish tahdidi ostida bu voqealarni to‘liq yorita olmaymiz. Avvalroq „Aziya-Plyus“ nashri TBAVdagi voqealarni „bir yoqlama“ yoritayotgani va „mamlakatdagi vaziyatni izdan chiqarayotgani“ haqida Bosh prokuratura va boshqa davlat tuzilmalaridan norasmiy ogohlantirish olgan edi», — deyiladi tahririyat xabarida.


Mullorajab Yusufzoda va Anushervon Oripov voqeadan keyin, Dushanbe, 2022 yil 17 may. Foto: Ozodi.

Dushanbeda «Ozodi» («Ozodlik» radiosining Tojikiston byurosi) va «Nastoyaeye vremya» radiosi jurnalistlariga hujum uyushtirildi. Ularning barcha xizmat texnikalari, ish va shaxsiy mobil telefonlari olib qo‘yilgan.

Ozodiyning yozishicha, voqea 17 may kuni OAV muxbirlari Ulfatxonim Mamadshoyeva bilan suhbatdan so‘ng sodir bo‘lgan.

«Ulfatxonim Mamadshoyeva bilan Dushanbedagi uyi yonida gaplashdik. U ketib, mashinaga yaqinlashganimizda, bizga fuqarolik kiyimidagi ikki erkak hujum qildi. Ular meni va operatorni kaltaklashdi, xizmat texnikalarimiz va mobil telefonlarimizni olib qo‘yishdi. Ulardan biri meni „Mullorajab, Xudoga qasamki, seni otib tashlayman“ deb qo‘rqita boshladi», — dedi Mullorajab Yusufzoda.

«Nastoyaeye vremya» muxbiri Anushervon Aripov voqea faol Ulfatxonim Mamadshoyeva bilan suhbatni yozib olishdan keyin sodir bo‘lganini tasdiqladi.

«Jurnalistlar mashinaga o‘tirishgan vaqtda oq rangli xorijiy avtomobil ularning yo‘lini to‘sib qo‘ydi. Sportchi ko‘rinishdagi yoshlar mashinadan yugurib chiqib, avtomobilning ochiq oynalari orqali jurnalistlarning qo‘l telefonlarini tortib olishdi. Shundan so‘ng ular muxbirlarni tashqariga sudrab olib, yukxonani ochishga majburlab, barcha texnikalarni olib ketishdi va qisqa suhbatdan keyin jo‘nab ketishdi», — dedi u.

«Fergana» nashri chorshanba kuni Ulfatxonim Mamadshoyeva va uning turmush o‘rtog‘i, asli kelib chiqishi TBAVlik bo‘lgan, Chegara qo‘shinlari Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasi generali Xolbash Xolbashev hibsga olingani haqida xabar berdi.