Andijon viloyatida joriy yilning dastlabki uch oyida 10 nafar maktab o‘quvchisi o‘z joniga qasd qilgan. Viloyat hokimligining Bolalarni himoya qilish masalalari kotibiyati mudiri Muftohiddin Raxmanov Xalq deputatlari viloyat kengashi deputatlari oldidagi hisobotida bu haqda ma’lum qildi. Mazkur xabarni «Gazeta.uz»ga viloyat hokimligi xodimi tasdiqladi.

O‘z joniga qasd qilgan o‘quvchilarning besh nafari qutqarib qolingan. Qayd etilishicha, o‘z joniga qasd qilish holatlari o‘tgan yilning shu davriga nisbatan uch nafarga ortgan. Shuningdek, 32 nafar bedarak yo‘qolgan bola huquqni muhofaza qiluvchi organlar tomonidan topilib, oilalariga qaytarilgan.

Shuningdek, 31 mart holatida 25 ta vaziyatda 48 nafar voyaga yetmaganlar tomonidan jinoyat sodir etish holati kuzatilgan. Mazkur jinoyatlarda ishtirok etganlarning 7 nafari akademik litsey va kasb-hunar kollejlari, 27 nafari maktab o‘quvchilari ekani, qolgan 14 nafari esa hech qayerda o‘qimaydigan yoki ishlamaydiganlarni tashkil qilishi aniqlangan.

Viloyatdagi umumta’lim maktablarida voyaga yetmagan 570 282 nafar o‘quvchi tahsil oladi. O‘quvchilarning 1348 nafari ota-onalari bilan birgalikda xorijga chiqib ketgan, 303 nafari surunkali dars qoldirishi, 935 nafari noodatiy kiyingani, 863 nafari jinoyatchilikka moyilligi borligi, 653 nafari tarbiyasi og‘irligi aniqlangan, deyiladi ma’lumotda.