Ijtimoiy tarmoqlarda maktab o‘quvchisining o‘qituvchisi uni kaltaklagani bo‘yicha murojaati aks etgan video tarqaldi. Mazkur holat yuzasidan Paxtaobod tumani XTB izoh berdi.

Qayd etilishicha, 28 aprel kuni Paxtaobod tumanidagi 13-umumta’lim maktabi 10-sinf o‘quvchisi A. R shu maktabning rus tili fani o‘qituvchisi S. J.ning sinfxonaga kirish to‘g‘risidagi ko‘rsatmasiga qo‘pol ravishda javob qaytargan. Pedagog A. R.ning qo‘pol muomalasiga javoban uning ko‘z qismiga urib, tan jarohati yetkazgan.

Holat yuzasidan tuman Xalq ta’limi bo‘limi tomonidan ishchi guruh tuzilib, atroflicha o‘rganilgan va rus tili fani o‘qituvchisi S. J.ga o‘quvchi A. R.ga nisbatan qo‘pol muomalada bo‘lgani sababli tegishli tartibda intizomiy jazo chorasi qo‘llanilgan, deyiladi xabarda.

Bundan tashqari, S. J. maktabning ichki tartib-qoidalariga rioya etishi bo‘yicha qat’iy ogohlantirilgan, o‘quvchi A. R. bilan esa maktab ichki tartib-qoidalariga rioya etmaganligi va ustozlarga nisbatan odob-ahloq qoidalariga zid ravishda muomala qilgani sababli tushuntirish ishlari olib borilgan.

Shuningdek, Andijon viloyati IIB tomonidan holat o‘rganilayotgani hamda uning natijasi bo‘yicha qo‘shimcha axborot berilishi ma’lum qilindi.

Avvalroq Surxondaryoning Bandixon tumanidagi 4-maktabda ingliz tili o‘qituvchisi darsga tayyorlanmay kelgan o‘quvchini kaltaklagani aks etgan videolar tarqalgan edi. Mazkur holatga Xalq ta’limi vazirligi ham munosabat bildirib, o‘quvchilarga kuch ishlatish holatini keskin qoralashini ma’lum qildi. Shuningdek, hodisa ortidan maktab direktorining ikki o‘rinbosari, sinf rahbari va ingliz tili fani o‘qituvchisi ishdan bo‘shatilgani aytildi.