Agar Tojikiston Tog‘li Badaxshon avtonom viloyatidagi (TBAV) vaziyat tashqi terrorchilar tomonidan beqarorlashtirilayotganini isbotlasa, u holda Kollektiv xavfsizlik shartnomasi tashkilotidan (KXSHT) yordam so‘rashi mumkin. Bu haqda Qirg‘iziston davlat xavfsizlik qo‘mitasi raisining sobiq o‘rinbosari, xavfsizlik bo‘yicha ekspert Artur Medetbekov «Vecherniy Bishkek» nashriga bergan intervyusida ma’lum qildi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, bu — mamlakat hududidagi vaziyatni hal qilish uchun KXSHTning harbiy kontingentini kiritish mumkin deganini anglatadi va Qozog‘iston shu kabi vaziyatda tashkilot a’zolari uchun namuna bo‘ldi.

«Tog‘li Badaxshon avtonom viloyatidan so‘nggi bir necha kun davomida ommaviy norozilik namoyishlari haqida xabarlar kelmoqda. Shuning uchun Tojikistonda Emomali Rahmon rejimini saqlab qolish uchun KXSHT qo‘llanilishi mumkin. Asosiy masala: ular rostdan ham terrorchilarmi yoki hokimiyatini saqlab qolish uchun o‘z xalqini shunday atashayaptimi? Shunga qaramasdan, tinch aholi orasida Afg‘onistondagi terrorist va ekstremistlar bilan aloqada bo‘lgan narkoguruhlar bo‘lishi mumkin», — dedi Artur Medetbekov.

Uning so‘zlariga ko‘ra, hozir barchasi Tojikiston rahbariyati qanchalik operativ ishlashiga bog‘liq. «Shu nuqtai nazardan, KXSHT qo‘shinlarini Tojikiston hududiga kiritishni istisno qilib bo‘lmaydi», — dedi ekspert.

Hozirgi kunda KXSHT tarkibiga olti davlat — Armaniston, Belarus, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Rossiya va Tojikiston kiradi.

Avvalroq, Tojikiston IIV namoyishlar bo‘lib o‘tgan Tog‘li Badaxshonda bir kishi vafot etgani, 13 nafar harbiy jarohatlanganini ma’lum qilgandi. Rasmiylar voqeani «jinoiy guruhning jamoat xavfsizligini buzish va aholini qo‘rqitish maqsadida» uyushtirgan provokatsiyasi sifatida baholadi.

Vazirlik ma’lumotlariga ko‘ra, «200 kishidan iborat uyushgan jinoiy guruhlar barcha turdagi qurollarni qo‘llagan holda» Rushon tumani markazida uch nuqtada Dushanbe-Xorog‘ avtomagistrali va chegara komendaturasigacha bo‘lgan yo‘lni to‘sib qo‘ygan. Ma’lumotda qayd etilishicha, «jinoiy guruhlar avvaldan bu harakatlarni amalga oshirishga tayyorgarlik ko‘rgan va xuddi shu maqsadda xorijdan qurol-yarog‘ va o‘q-dorilar olib kelgan».

«Uyushgan jinoiy guruhlardan katta miqdordagi qurol va o‘q-dorilar, „Molotov kokteyli“ musodara qilindi», — deyiladi xabarda. Guruhning boshqa a’zolari qurollarini topshirib, taslim bo‘lishga chaqirilgan.

OAV esa jurnalistlarga bosim va hujumlar haqida xabar bermoqda. Ehtimoliy tashkilotchilarga nisbatan esa jinoyat ishi ochildi.

Eslatib o‘tamiz, Qozog‘istondagi yanvar voqealarida prezident tartibsizliklarni xalqaro terroristik agressiv harakat deb atab, KXSHTga a’zo davlatlar rahbarlaridan yordam so‘ragandi. O‘shanda Qasim-Jomart Toqayev aksilterror operatsiya boshlanganini ma’lum qildi va Olmaotada aeroport qo‘lga olinganini tasdiqlagandi.

Yanvarning birinchi haftasida KXSHT Kollektiv xavfsizlik kengashi Qozog‘iston prezidenti murojaatidan so‘ng, mamlakatdagi vaziyatni barqarorlashtirish maqsadida «Kollektiv tinchlikparvar kuchlarni vaqtinchalik missiya bilan yuborishga» qaror qildi.

13 yanvarga kelib esa KXSHT tinchlikparvar kontingentini Olmaotadan olib chiqa boshladi. O‘shanda Qozog‘istonga kiritilgan kontingentning umumiy soni 2030 nafar askarni tashkil etgan va KXSHT kuchlari Olmaota hamda Nur-Sulton shaharlariga joylashtirilgandi. Qozog‘iston mudofaa vaziri nomidan harbiylarga minnatdorchilik bildirilgandi, ayrimlari «Xalqaro hamkorlikka qo‘shgan hissasi uchun» medallari bilan taqdirlangandi.