Bosh prokuratura huzuridagi Departamentning Navoiy viloyati boshqarmasi tomonidan mansab vakolatini suiite’mol qilish va davlat mulkini talon-toroj qilish holatlari aniqlandi. Bu haqda departament matbuot xizmati xabar berdi.

Ta’kidlanishicha, Navoiy viloyat xalq ta’limi boshqarmasi va “I.A.” MCHJ moddiy javobgar shaxslari “Davlat xaridlari to‘g‘risida"gi qonun talablariga zid ravishda 2021 yil 30 iyuldagi shartnomaga asosan 8 turdagi sport anjomlarini haqiqiy bahosidan 787,8 mln so‘mga qimmat narxlarda xarid qilinganliklari aniqlangan.

Shu kabi holat viloyatning sobiq turizm va sport bosh boshqarmasida ham qayd etildi. Tashkilotning moddiy javobgar shaxslari 2021 yilning dekabr oyida 22 turdagi sport anjomlari haqiqiy bahosidan 598,9 mln so‘mga qimmat narxlarda sotib olganliklari aniqlandi. Buning oqibatida davlat va jamiyat manfaatlariga juda ko‘p miqdorda zarar yetkazildi, deyiladi xabarda

Bundan tashqari, o‘tgan yilning dekabr oyida 8 nafar o‘quvchining Moskva shahriga xalqaro musobaqaga borib-kelish xarajatlarini ota-onalar tomonidan to‘lab berilgan bo‘lsa-da, soxta hujjatlar rasmiylashtirilib 80 mln so‘m budjet mablag‘i o‘zlashtirish yo‘li bilan talon-toroj qilinganligi aniqlangan.

Mazkur holatlar yuzasidan Jinoyat kodeksining 167-moddasi (o‘zlashtirish yoki rastrata yo‘li bilan talon-toroj qilish) va 205-moddasi (hokimiyat yoki mansab vakolatini suiiste’mol qilish) bilan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari o‘tkazilmoqda.