O‘zbekistonda so‘nggi yetti yil barcha yillar davomida meteorologik kuzatuvlar bo‘yicha eng iliq yil bo‘ldi, ular orasida 2016 va 2021 yillar birinchi o‘rinni egalladi. Bu haqda Gidrometeorologiya xizmati markazi (“O‘zgidromet”) tomonidan e’lon qilingan sharhda aytiladi.

Havo haroratining ko‘tarilishi iqlim o‘zgarishining yagona ko‘rsatkichi emas. Global isish, birinchi navbatda, turli xil ob-havo anomaliyalarining ko‘payishiga olib keladi. Jahon meteorologiya tashkiloti bosh kotibi Petteri Taalas ekstremal hodisalar insoniyat hayotining yangi me’yoriga aylanganini ta’kidladi.

Bahor va yoz oylarida anomal issiq davrlarning takroriyligi hamda jadalligi ortib bormoqda. Orol bo‘yi hududlari ushbu hodisaga ko‘proq moyildir. So‘nggi 5 yil ichida ushbu hududda deyarli har yili maksimal havo harorati rekordlari yangilandi.

Havo harorati 40 va undan yuqori daraja bo‘lgan kunlar soni ortdi. Cho‘l hududlarida, respublikaning shimoli va janubida g‘ayritabiiy issiq kunlar soni 25 dan 40 kungacha (me'yor 15−30 kun) bo‘lgan.

Quruq davrlarning davomiyligi ortmoqda, bu esa atmosfera qurg‘oqchiligi va suv taqchilligi oshishiga olib keladi. So‘nggi yillarda atmosfera qurg‘oqchiligi bo‘lgan kunlar soni 50−80 kunni tashkil etib, o‘rtacha ko‘p yillik qiymatlarda 30−70 kunni tashkil etmoqda.

Shtorm shamollar changli g‘uborlar hosil bo‘lishi va ularni tarqalishiga olib keladi. 2021 yil noyabr oyining boshida Toshkent shahrida, shuningdek Toshkent va Sirdaryo viloyatlarida birinchi marta anomal tabiiy hodisa — ko‘rinuvchanlik 100−200 m gacha yomonlashishida chang-qum bo‘ronlari kuzatildi.

Tabiiy muxit ifloslanishi monitoringi

Mamlakatda atmosfera havosida ifloslantiruvchi moddalar miqdori, yer usti suvlari va tuproq ifloslanishi ustidan monitoring tizimi tashkil etilgan.

Yer usti suvlari xolati ustidan kuzatuvlar 59 ta suv obyektida, 85 ta punktda, 107 ta kuzatuv nuqtasida 43 ta tarkibiy qismlar bo‘yicha har oyda amalga oshiriladi. Taxlil natijalari 90% suv havzalarining ifloslanish bo‘yicha sifat ko‘rsatkichlari — o‘rtacha ifloslangan (3 sinf) yoki ifloslangan (4 sinf) suvlar sinfiga kirishini, 10% suv xavzalarida esa toza suvlar (2 sinf) qayd etilgan. Zarafshon, Chirchiq, Salar daryolari, Siyob, Sho‘ro‘zak, GPSK kollektorlari eng ifloslangan suv xavzalari sifatida qayd etilgan.

Tuproq ifloslanishi ustidan kuzatuvlar har yili bahor va kuz fasllarida Qoraqalpog‘iston Respublikasi va viloyatlarning 107 ta tumanida joylashgan 212 ta xo‘jaliklarda olib boriladi. Shuningdek, 14 ta sanoat shaharlarida 20 ta ko‘rsatkichlar bo‘yicha ham olib boriladi. Ko‘p yillik taxlillar Andijon (1,3 dan 3,7) va Farg‘ona (1,3 dan 2) viloyatlarida yerlarni xlororganik pestitsidlarning qoldiq miqdori bilan ifloslanishini REMdan ortishi kuzatilgan.

Atmosfera havosida kimyoviy moddalar bilan ifloslanish ustidan kuzatuvlarlar har kuni 25 shaharlarda 65 ta statsionar postlarda olib boriladi, ularda atmosfera havosida 10 ta gazli aralashmalar va 4 ta og‘ir metallar nazorat qilinadi (rux, mis, qo‘rg‘oshin, kadmiy).

So‘nggi bir necha yil ichida ko‘pgina shaharlar uchun nazorat qilinadigan ingrediyentlar bo‘yicha havoning ifloslanish darajasi barqarorligi qayd etilmoqda. 2010−2021 yillarda respublikada havoning ifloslanish darajasi pasayganligi kuzatilgan bo‘lsa, ifloslanish indeksi o‘sishi Angren, Olmaliq, Farg‘onada shaharlarida saqlanib qolgan.

Umuman olganda, respublikada atmosfera havosining ifloslanish darajasi me’yor darajasida bo‘lib, 2021 yil noyabr-dekabr va 2022 yil yanvar oylarida chang bo‘ronlari paytida havoning maksimal bir martalik ifloslanishi Guliston, Olmaliq, Chirchiq, Toshkent, Bekobod, Angren, Buxoro, Navoiy, Samarqand shaharlarida qayd etilgan.

So‘nggi vaqtda havoda chang (RM 2,5) miqdori to‘g‘risida ma’lumot dolzarb masala bo‘lib qolmoqda. O‘zbekistonda iqlimning keskin o‘zgarishi ta’sirida yuqori xaroratni takrorlanishi, atmosfera qurg‘oqchiliklari, garimsellar, chang bo‘ronlari, shuningdek, sanoat korxonalari, avtotransport, qurilish industriyasi tashlamalari ta’sirida aholi yashash joylarida changning me’yordan ortishiga sabab bo‘lmoqda.

Mavjud standartlar xavodagi chang zarralari, ya’ni RM 2,5 ni aniqlash imkonini bermaydi xavo sifati bo‘yicha JSST me’yorlari O‘zbekistondagi mavjud normativlardan farq qiladi. Xavo sifati me’yorlarini xalqaro talablar, shuningdek, O‘zbekistonni tabiiy-iqlimiy sharoitlarini hisobga olgan xolda ishlab chiqish zarurati mavjud.

O‘zgidromet tomonidan ushbu muammoni bartaraf etish uchun “O‘zbekistonda atmosfera havosi ifloslanishi darajasini va aholi salomatligiga ayerogen xavfni kompleks baholash asosida atmosfera havosi sifati monitoringi milliy axborot platformasini va mobil ilovani yaratish” loyihasini ishlab chiqib, Innovatsiya vazirligiga taqdim etdi. Loyiha doirasida havo sifati me’yorlari jaxon standartlari talabida ishlab chiqiladi, xavodagi zararli moddalarni inson salomatligiga ta’siri o‘rganiladi.

Gidrometeorologik kuzatuvlar tarmog‘i qanday ishlaydi

O‘zgidrometning eng baland tog‘ meteorologiya stansiyasi — Oygaingdagi avtomatik meteostansiya.

Bugungi kunda O‘zgidromet kuzatuv tarmog‘ida 92 ta meteostansiya faoliyat ko‘rsatib, shundan 21 tasi jahon halqaro ma’lumot almashinuvi tizimiga kiritilgan.

Soha boshlangan islohatlar natijasida 2020−2021 yillarda kuzatuv tarmog‘iga 62 ta avtomatik meteostansiyalar o‘rnatildi, 2 ta statsionar va 1 ta mobil laboratoriya, ob-havo prognozini raqamli modellashtiradigan 1 dona superkompyuter olindi, Buxoroda 1 ta yangi meteorologik lokator o‘rnatildi.

Kuzatuvlar tarmog‘iga jadallik bilan IT-texnologiyalar va telekommunikatsiyalarni joriy etish orqali onlayn rejimda har 10 daqiqa vaqt oralig‘ida GSM/sputnik orqali ma’lumotlarni uzatish ta’minlandi.

O‘zbekistonda meteorologik kuzatuvlar dastlab 1867 yil sentabr oyida Toshkent Astronomiya observatoriyasi qoshida meteorologik stansiyasini ochilishi bilan boshlanib, havo harorati va yog‘inlarning kunlik kuzatuvlari amalga oshirilgan.

Ma’lumot uchun: Andijon (1882 y.), Nukus (1883 y.) Buxoro (1890 y.), Farg‘ona (1880 y.), Jizzax (1881 y.), Bekobod (1910 y.) va Quva (1911 y.) meteorologik stansiyalari tashkil etilgan.

Meteorologik tarmoqlar o‘tgan asrning 50−60 yillarda kengaya boshladi natijada meteostansiyalarda qo‘shimcha aktinometriya (6 ta stansiya), suv balansi (10 ta stansiya), issiqlik balansi (4 ta stansiya) va gradiyent (2 ta stansiya) kuzatuvlar yo‘lga qo‘yildi.

Jaxon meteorlogiya tashkiloti tavsiyalariga muvofiq 1970 yildan boshlab 4 ta kunduzgi kuzatuv muddatidan 8 ta kechayu-kunduz meteokuzatuv muddatlariga o‘tildi.