18 maydan 19 mayga o‘tar kechasi Sevilya shahridagi «Ramon Sanches-Pisxuan» stadioni Yevropa ligasi finaliga mezbonlik qildi. Unda Germaniyaning «Ayntraxt Frankfurt» va Shotlandiyaning «Reynjers» klublari to‘qnash keldi.

O‘yinning birinchi bo‘limida ikkala jamoa ham teng ustunlikka erishdi. Hisob ikkinchi bo‘limga kelib ochildi. «Reynjers» yarim himoyachisi Jo Aribo 57-daqiqada gol urib, jamoasini oldinga olib chiqdi.

70-daqiqada esa «Ayntraxt» hujumchisi Rafayel Borre javob golini kiritdi. Qo‘shimcha bo‘limlarda ham g‘olib aniqlanmadi, «penaltilar» seriyasida esa nemis klubining qo‘li baland keldi — Aaron Remzining zarbasini Kevin Trapp qaytardi.

Aaron Remzi. Foto: Getty Images.

Shu tariqa, Germaniyaning «Ayntraxt» klubi Yevropa ligasi g‘olibiga aylandi. Nemis jamoasi finaldagi g‘alaba evaziga o‘z tarixida ilk bor Chempionlar ligasiga yo‘llanmani qo‘lga kiritdi. «Reynjers» esa Yevropa ligasidagi 2-finalini ham boy berdi.

Ma’lumot uchun «Ayntraxt» o‘z tarixida 3-bor, 1942 yilda ilk marta yevrokuboklarda g‘olib bo‘ldi. Bungacha klub Intertoto (1967) va UEFA kubogi (1980) sohibiga aylangandi. Frankfurt klubi 10 avgust kuni Helsinkida o‘tadigan UEFA superkubogida «Real» yoki «Liverpul»ga qarshi o‘ynaydi.

«Ayntraxt» — Yevropa Ligasi g‘olibi. Foto: Getty Images

Yevropa ligasi tarixida birinchi marta ketma-ket ikki finalda o‘yin penaltilar seriyasigacha yetib bordi. O‘tgan yilgi finalda Ispaniyaning «Vilyarreal» jamoasi Angliyaning «Manchester Yunayted» klubini penaltilar seriyasida 11:10 hisobida mag‘lub etib, musobaqa chempioni bo‘lgandi.

Eslatib o‘tamiz, shu oyda yana ikkita yevrokubok finali bo‘lib o‘tadi. 28 may kuni Parijdagi «Stad-de-Frans» o‘yingohida UEFA Chempionlar ligasi finali o‘tkaziladi. Unda Angliyaning «Liverpul» klubi Ispaniyaning «Real Madrid» jamoasiga qarshi maydonga tushadi. O‘z navbatida, o‘zbekistonlik Eldor Shomurodov to‘p suradigan Italiyaning «Roma» klubi Yevropa Konferensiyalar ligasi finalida Niderlandiyaning «Feyenoord» jamoasi bilan kuch sinashadi. Final 25 may kuni Albaniya poytaxti Tiranada bo‘lib o‘tishi rejalashtirilgan.