DXXning Namangan viloyati bo‘yicha boshqarmasi xodimlari tomonidan o‘tkazilgan tezkor-qidiruv tadbirlari natijasida internet tarmog‘i orqali aqidaparastlik g‘oyalari singdirilgan materiallarni tarqatish bilan shug‘ullangan shaxs faoliyatiga chek qo‘yildi. Bu haqda DXX matbuot xizmati xabar berdi.

Ta’kidlanishicha, Namangan shahrida yashovchi, 1999 y.t. fuqaro «J.A.» Telegram messenjeri orqali Rossiya Federatsiyasida ishlaydigan «Shuhrat» ismli shaxs bilan tanishib, diniy mavzularda o‘zaro yozishmalarni amalga oshiradi.

Yangi tanishi esa unga xalqaro terroristik tashkilotlar va diniy ekstremistik oqimlarning g‘oyaviy rahnamolari bo‘lgan «Abu-Saloh», «Abdulloh Zufar», «Sodiq Samarqandiy» va boshqalarning audio, video ma’ruzalarini yubora boshlaydi.

«Natijada „J.A.“ Telegram messenjerida kanal ochib, uning a’zolariga aqidaparastlik g‘oyalari bilan yo‘g‘rilgan elektron kitoblar, foto, audio, video materiallarni targ‘ib qiladi», deyiladi xabarda.

Bundan tashqari, DXX ma’lumotida kelgusida u hijrat qilish maqsadida quroldan o‘q otish bo‘yicha tayyorgarlik ko‘rgani ham qo‘shimcha qilingan.

Tergovga qadar tekshiruv harakatlari davomida «J.A.» huquq-tartibot idoralariga chaqirtirilib, uning mobil aloqa vositasi tekshirib ko‘rish maqsadida olib qolinadi.

So‘ngra «J.A.» eski telefoni orqali «Shuhrat» bilan bog‘lanib, bo‘lgan voqeani aytganida, «Shuhrat» huquqni muhofaza qiluvchi organ xodimlari uni qo‘lga olishi mumkinligini aytib, zudlik bilan Qozog‘istonga chiqib ketishi kerakligini bildiradi. Shundan keyin «J.A.» Toshkent viloyatiga borib, «G‘isht-ko‘prik» xalqaro o‘tkazish punktidan Qozog‘iston Respublikasiga o‘tishni reja qiladi.

«Shu kuni kechqurun uydan chiqib Chernyayevkaga bordim. Yo‘lda haydovchi bilan gaplashganimda Qozog‘istonga [xorijga chiqish pasportisiz] o‘tib bo‘lmasligini aytdi. Keyin Farg‘onaga qaytib bordim», — dedi gumonlanuvchi.

Shundan keyin «Shuhrat» bilan qayta bog‘lanib, undan Farg‘ona viloyatining Quva tumaniga borish hamda u yerdan aylanma yo‘llar orqali Qirg‘izistonga o‘tib ketish topshirig‘ini oladi. Shuningdek, «Shuhrat» unga Qirg‘izistonga chiqish yo‘llarini ham o‘rgatadi. «Farg‘onaning Quva tumanida Qirg‘izistonga o‘tsa bo‘ladi. Anorzor bor, u chegaraga yaqin. [Shuhrat] bildirmay o‘tishga harakat qilib ko‘rasiz dedi», — deya so‘zlab berdi ayblanuvchi.

Natijada «J.A.» «o‘zbek-qirg‘iz» davlat chegarasini noqonuniy kesib o‘tishga uringan vaqtida qo‘lga olinadi.

Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Din ishlari bo‘yicha qo‘mita xulosasiga ko‘ra, «J.A.» tomonidan «Telegram» messenjeri orqali tarqatilgan materiallardagi ma’lumotlar aqidaparastlik g‘oyalari bilan yo‘g‘rilgan bo‘lib, ularni O‘zbekiston hududiga olib kirish, tayyorlash va tarqatish taqiqlanadi, deyiladi xabarda.

Uning sodir etgan noqonuniy xatti-harakatlariga huquqiy baho berildi va jinoyat ishlari bo‘yicha Namangan shahar sudi tomonidan «J.A.»ga nisbatan 4 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlandi.