O‘zbekiston Markaziy banki 20 maydan boshlab xorijiy valyutalarning o‘zbek so‘miga nisbatan yangi qiymatini belgiladi.

Unga ko‘ra, AQSh dollarining kursi keskin 42,37 so‘mga pasayib, 11 088,2 so‘mni, yevro esa 71,2 so‘mga pasayib, 11 642,61 so‘mni tashkil qildi. Rubl 2,69 so‘mga mustahkamlanib, rekord darajadagi 177,91 so‘mni tashkil qildi.

Dollarning so‘mga nisbatan kursi dinamikasi. 21 fevraldan 20 maygacha. Manba: «Gazeta.uz» / Markaziy bank.

Dollar kursi 11033 so‘m darajasida bo‘lgan 15 martdan buyon ilk bor 11100 so‘mdan pastga tushdi, shundan so‘ng so‘m uch kun ichida 4,8 foizga arzonlab, rekord darajadagi 11 571,99 so‘mni tashkil qildi. O‘shandan buyon Markaziy bankning asosiy stavkasini 17 foizga oshirish va uni ushlab turish, shuningdek, oltin eksporti hisobiga valyuta intervensiyalari fonida so‘m xorijiy valyutalarga nisbatan barqaror mustahkamlanib bormoqda.

Toshkent valyuta birjasida 19 may kuni savdolar hajmi 339,8 mln dollarni tashkil etdi, bu so‘mning mustahkamlanishiga olib kelgan katta miqdordagi valyuta sotilganidan dalolat berishi mumkin. Shu bilan birga, o‘tgan haftada hajmlar 103 mln dollardan oshmadi.

Markaziy bank avvalroq valyuta kursi narxlarga qanday ta’sir qilishini tahlil qilgan edi. Valyuta kursining o‘zgarishi inflyatsiyaga to‘g‘ridan-to‘g‘ri — import qilinadigan tayyor mahsulotlar narxlarining o‘zgarishi, shuningdek, bilvosita — import qilinadigan xom ashyo narxlarining o‘zgarishi tufayli ta’sir ko‘rsatishi mumkin. Valyuta kursining 1 foiz punktga devalvatsiyasi uzoq muddatli istiqbolda bazaviy inflyatsiyani 0,28 foiz punktga tezlashtiradi, deyiladi regulyator sharhida.