O‘zbekiston Markaziy banki ma’lumotlariga ko‘ra, aprel oyida muomaladagi naqd pullar hajmi 5,3 trln so‘mga oshib, jami 33,1 trln yetdi. Bu Markaziy bank pul agregatlari bo‘yicha statistik ma’lumotlarni e’lon qila boshlagan 2013 yil fevral oyidan beri rekord oylik o‘sishdir.

Muomaladagi naqd pulning bunday keskin o‘sishi oxirgi marta pandemiya davrida — 2020 yilning may oyida (+2,5 trln so‘m) kuzatilgan edi.

Pul agregatlarining deyarli barcha ko‘rsatkichlari bo‘yicha o‘sish kuzatilmoqda, chet el valyutasidagi depozitlar bundan mustasno, ular 409 mlrd so‘mga kamayib, 43,8 trln so‘mni tashkil etdi.

Keng ma’nodagi pul massasi (M2) 12,5 trln so‘mga o‘sib, 145,2 trln so‘mga yetgan bo‘lsa, milliy valyutadagi pul massasi 12,9 trln so‘mga ko‘payib, 101,3 trln so‘mni tashkil etgan.

M2 (bank tizimidan tashqari), pul o‘tkazmalari, boshqa moliya institutlarining milliy va xorijiy valyutadagi omonat va muddatli depozitlari, davlat nomoliya tashkilotlari, xususiy sektor va jismoniy shaxslarning muomaladagi naqd pullarini o‘z ichiga oladi.

Moliyachi Otabek Bakirov pul massasining o‘sishi vakillik hisobvaraqlaridagi qoldiqlarning o‘sishiga ham turtki bergani, jami vakillik hisobvaraqlaridagi mablag‘lar qoldig‘i oy davomida 6,3 trln so‘mga o‘sib, 21,8 trln so‘mga yetganiga e’tibor qaratdi.

Markaziy bank mart oyining ikkinchi yarmida boshlangan naqd pulga bo‘lgan talabning keskin o‘sishi munosabati bilan mart oyida 1,12 trln so‘m, aprel oyida — 6,34 trln so‘m va may oyining o‘tgan 11 kuni davomida — 1,1 trln so‘m qo‘shimcha ravishda naqd pul muomalaga chiqarilganini ma’lum qildi.

Mablag‘larning bir qismi naqd xorijiy valyutani konvertatsiya qilishga bo‘lgan talabni qondirishga, bir qismi bank kartalaridagi mablag‘larni naqdlashtirishga yo‘naltirildi.