18 may kuni ertalab Tojikiston IIV Tog‘li Badaxshon avtonom viloyatining Rushon tumanida terrorga qarshi operatsiya boshlanganini e’lon qildi.

Bunga 17 may kuni uyushgan jinoiy guruh a’zolari avtomobil yo‘lining Rushon tumani hududidagi davlat chegarasi chizig‘ida joylashgan «Dushanbe-Kulma» xalqaro avtomobil yo‘lini noqonuniy ravishda to‘sib qo‘ygani sabab bo‘ldi. Bu haqda «Xovar» axboro agentligi Tojikiston IIV matbuot xizmatiga asoslanib xabar berdi.

Ma’lum qilinishicha, jinoyatchilar xalqaro terrorchilik tashkilotlari ko‘magida davlat tashqarisidan qurol-yarog‘ va o‘q-dorilar olgan. Shuningdek, terrorchilik harakatlari va boshqa turdagi provokatsiyalarni amalga oshirish uchun xorijiy yollanma askarlarni jalb qilgan.

«Bu konstitutsiyaviy tuzum asoslariga qarshi qaratilgan harakat. Uyushgan jinoiy guruhlar huquqni muhofaza qiluvchi organlar xodimlarining qurol-yarog‘ va o‘q-dorilarni topshirish to‘g‘risidagi qonuniy talablarini bajarmagan va qurolli qarshilik ko‘rsatgan», — deyiladi xabarda.

Qayd etilishicha, Rushon tumanida xalqaro terroristik tashkilotlar tomonidan tashkil etilgan va moliyalashtirilayotgan uyushgan jinoiy guruhlar faoliyatida terrorchilik xarakteridagi jinoyatlar alomatlari kuzatilmoqda.

«Shu munosabat bilan fuqarolar xavfsizligini, jamoat tartibini ta’minlash va avtotransport vositalarining „Dushanbe-Kulma“ xalqaro avtomobil yo‘li bo‘ylab to‘siqsiz harakatlanishini tiklash maqsadida mamlakat huquqni muhofaza qiluvchi idoralar tomonidan Rushon tumanidagi yo‘lning bir qismida antiterror operatsiyasi boshlandi», — deyiladi bayonotda.

«Bomdod» nashrining yozishicha, tog‘li Badaxshondagi vaziyatni yoritayotgan mustaqil jurnalistlar va kanallar mamlakat IIVning chet eldan moliyalashtirish va qurol-yarog‘ bilan qo‘llab-quvvatlovi haqidagi xabarlarni rad etib, kuch ishlatar tuzilmalar xodimlarini qurolsiz namoyishchilarga qarata o‘q uzganlikda ayblamoqda.

Nashrga kelib tushgan xabarlarga ko‘ra, seshanba kuni Rushonning bir qancha 100 kishilik aholisi namoyish o‘tkazish maqsadida yig‘ilgan va tuman rahbari Farrux Dodxudoning tarqalish haqidagi chaqiruviga amal qilmagan. Kechki payt esa Xorug‘ shahriga olib boruvchi avtomobil yo‘liga chiqib, jonli zanjirni hosil qilgan holda Badaxshonga qarab harakatlanayotgan harbiy kolonna yo‘lini to‘sib qo‘ygan.

Tog‘li Badaxshondagi vaziyat 14 va 16 may kunlari o‘tkazilgan namoyishlardan so‘ng yana keskinlasha boshlagandi. Avvalroq, Tojikistonning Tog‘li Badaxshon avtonom viloyatida namoyishchilar viloyat rahbari va Xorug‘ hokimining iste’fosini talab qilishgani haqida yozgandik. Prokuratura mitingni mamlakat xavfsizligiga putur yetkazish maqsadida o‘tkazilgan «noqonuniy harakat» deb atagandi.